Shomonlik, shamanlik
Shomonlik, shamanlik (evenk tilida shaman — jazavaga tushish) — ibtidoiy diniy e’tiqod shakllaridan biri. Yovuz va ezgu ruhlarga, ularning inson hayotiga ta’sir ko’rsatishiga ishonish Shomonlikning asosini tashkil etadi. Shomonlikda uning ruhoniylari — shomonlar ruhlar bilan aloqa bog’lay oladigan, bo’lajak voqealarni oldindan aytib bera oladigan shaxslar deb, ularga sig’iniladi. Maxsus kiyim kiygan, childirma ushlagan va boshqalar turli narsalar taqingan shomonning xalq o’rtasida raqs tushib va jazavaga kirib, ruhlar bilan «aloqa bog’lashi» hamda ulardan ma’lum yo’lyo’riq olishi Shomonlikning asosiy marosimi hisoblanadi. Bu diniy e’tiqodda oddiy dindorlarga belgilangan keng marosimchilik belgilari va ibodatxonalar yo’q. Shomonlarga bemorlar o’zlarini davolash maqsadida murojaat qilib turadilar. Shomonlik Afrika, Shimoliy va Sharqiy Osiyoning ko’p xalqlarida, Sibirda, indeyslar va boshqalar xalqlarda tarqalgan.