Shopen (Sport) Friderik
Shopen (Sport) Friderik (1810.22.2, Jelyazova Volya, Varshava yaqinida — 1849.17.10, Parij) — polyak kompozitori, pianinochi, musiqiy romantizmning yirik vakili. 1830-31 yillar Venada, 1831 yildan Parijda yashab, 1830-yillar o’rtalaridan asosan ijod bilan shug’ullangan. Shopenning xalqchil, vatanparvarlik, romantik ijodi polyak musiqasini jahonga tanitdi. Noyob ijrochilik mahoratiga ega bo’lgan Shopen fortepiano musiqasining ifoda va texnik imkoniyatlarini kengaytirdi, milliy ommabop raqs (Polonez, mazurka va boshqalar) shakllarini badiiylashtirdi. Eng nozik ruhiy jarayonlarni aks etgan, ayni paytda kuchli dramaturgik rivojiga ega bo’lgan asarlari barcha ovozlar kuychanligi, garmoniyaning o’ziga xosligi, o’zgarishlarga boy va kompozision mukammal rivoji bilan ajralib turadi. Fortepiano uchun 2 kontserti, 3 sonatasida Betxoven simfonizmi an’analarini davom ettirdi. Skerso, cholg’u ballada, etyud, prelyudiya va noktyurnlarni mustaqil badiiy tugal asarlar darajasiga ko’targan. 1927 yildan Varshavada Shopen nomidagi xalqaro pianinochilar tanlovi o’tkazilmoqda, 1934 yildan Shopen instituti (1950 yildan Shopen jamiyati), 1932 yildan Jelyazova volyada memorial uymuzeyi faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekistonda Shopenning barcha asarlari pedagogik va kontsert repertuaridan o’rin olgan, Navoiy teatrida «Shopeniana» baleti sahnalashtirilgan.