«Sho’roi ulamo»

«Sho’roi ulamo» («ulamolar kengashi») — Turkiston ulamolari jamiyati. 1917 yil iyunda «Sho’roi Islomiya»dan ajralib chiqqan va 1918 yil 13 maygacha ish olib borgan. Jamiyat dasturi va nizomiga ko’ra, ichki siyosiy tuzilmada shariat qonunlariga qat’iy rioya qilish, milliy-diniy qadriyatlarni yuksaltirishga da’vat etilgan va madrasalarni iqtisodiy qo’llab-quvvatlash aytilgan. Biroq dasturda maishiy turmush va ayollar masalasida konservativ qarashlar ustunlik qilgan. Jamiyatning Toshkent, Qo’qon, Samarqand shahrilaridagi sho’basi faol ish olib borgan. Toshkent sho’basiga Sherali Lapin rahbarlik qilgan. Jamiyatning eng yirik Qo’qon sho’basiga esa Mulla Muhiddinxon mulla Ulug’xon To’rayev rais bo’lgan. «Sho’roi ulamo» «alizoh» (muharrir Abdumalik Hoji Abdunabiyev; 1917 yil iyun — 1918 yil may), «Alisloh» (muharrir Abdurahmon Sayyoh; 1917-18) jurnallarini nashr etdi. Ularda davrning dolzarb muammolari: diniy, axloqiy, ilmiy, iqtisodiy, ijtimoiy masalalar yoritib borildi. «Sho’roi ulamo» tashabbusi bilan Toshkentda Turkiston va Qozog’iston musulmonlari qurultoyi o’tkazildi (1917 yil sentyabr). Unda ulamochilar va Sho’roi islomchilar o’zaro birlashib, «Ittifoqi muslimin» siyosiy partiyasini tuzdilar. Jadidlar va ulamolar o’rtasidagi ziddiyat va g’oyaviy kurash kuchaygan. Ulamochilarning orasida ham hokimiyat masalasida turli qarashlar mavjud bo’lgan. Toshkentlik ulamochilardan farqli ravishda Qo’qondagi «Sho’roi ulamo» a’zolari bolsheviklarga qarshi chiqqan va Turkiston muxtoriyati hukumatini qo’llab-quvvatlagan. 1918 yil mart oyida Qo’qon yaqinidagi Bachqir qishlog’ida «Sho’roi ulamo» va «Sho’roi islomiya» faollarining tashabbusi bilan Farg’ona vodiysidagi qo’rboshilarning ilk qurultoyi o’tkazilib, Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakatining maqsad va vazifalari belgilab olingan. Sovet davrida ulamochilar va Sho’roi islomchilar faoliyati soxtalashtirilib, ular «xalq dushmani» va «millatchi» sifatida ko’rsatilgan. Ad.: Mustafo Cho’qay o’g’li, Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari), T., 1992; Turkestan v nachale 20 veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; A’zamxo’jaev S., Turkiston muxtoriyati, T., 2000; Rajabov Q., Haydarov M., Turkiston tarixi (1917— 1924), T., 2002; Mingnorov A., Turkistonda 1917-1918 yillardagi milliy-siyosiy tashkilotlar, T., 2002. Saidakbar A’zamxo’jaev, Qahramon Rajabov