Sho’rtepa neft-gaz koni

Sho’rtepa neft-gaz koni – Qashqadaryo viloyati muborak tumanidagi kon. Muborak temir yo’l stantsiyasidan 20 kilometr shimoli Sharqda. 1961 yilda ochilgan va 1967 yilda foydalanishga topshirilgan. Kon relefi cho’l tekisligidan iborat. Sho’rtepa strukturasi subkenglik bo’yicha cho’zilgan braxiantiklinal burmadan iborat. Struktura Janubi sharqda Shumak burmasi bilan chegaralanadi va kichikroq sinklinal orqali Sho’rsoy strukturasiga ulanib ketadi. Burma asimmetrik tuzilishga ega bo’lib, ikki: shimol va Sharqiy qubbalardan iborat. Sho’rtepa neft-gaz konida jami 13 quduq qazilgan bo’lib, paleozoy, mezozoy va kaynozoy erasi yotqiziqlari ochilgan. Paleozoy erasi jinslari 40 metrgacha ochilgan, slanes, argillit va qumtoshlardan tarkib topgan. Yura davri yotqiziqlari terrigen, karbonat va tuzgips qatlaridan, bo’r davri gravelit, qumtosh, ohaktosh, alevrolitlardan tuzilgan. Sanoat miqyosidagi neft va gaz quyi bo’r davri yotqiziqlaridagi 12 va 13-gorizontlarda joylashgan. 12-gorizont apt yarusining (qalinligi 50-60 metr) qumtosh va gravelit jinslaridan tarkib topgan, 1230— 1500 metr chuqurlikda ochilgan. Foydali qalinligi 16-27 metr, gazlilik maydoni 12410 ming m2. 13-gorizont 1285-1500 metr chuqurlikda ochilgan, qumtosh, gravelit, alevrolit va gil jinslardan tarkib topgan. Qalinligi 210-238 metr. Janubiy blokning 13-gorizontida gaz qalpoqli neft uyumi mavjud, gazlilik qavati 60 metr. Gorizontlardagi qatlam suvlarining turi gidrokarbonat-natriyli, sulfatnatriyli va xlornatriyli. Minerallashganligi 1,5—9,4 g/l. Hozirgi kunda kondan foydalanilmoqda.