Shotut, shohtut, shomtut
Shotut, shohtut, shomtut — tutdoshlarga mansub daraxt. Tutning bir turi. O’zbekistonda qadimdan ekib ko’paytiryladi. Boshqa tutlarga nisbatan sekin o’sadi. Bo’yi 8-10 metr. Sadasimon, bargi yirik, yuraksimon, yaxlit yoki kertikli, cheti yirik arra tishli, dag’al, qalin, orqasi tukli, gullari ikki jinsli. Mevasi to’q qizil, qora, sershira (shirin-nordon), xushbo’y, shifobaxsh, bandidan qiyin uziladi. Tarkibida 25 — 27% qand, shuningdek, turli vitaminlar va mineral moddalar bor. Shotut yorug’sevar, namsevar, sovuqqa chidamli daraxt. Bahorda kechroq uyg’onadi. Mevasi yangiligidan yeyiladi, quritiladi, murabbo, shinni, kompot qilinadi. Ikki yillik ko’chatlari bog’hovlilarga ekiladi. Dastlabki yillari bahorda butab shakl beriladi. 4-5 yoshdan hosilga kiradi. Iyundan sentabrgacha pishib yetiladi. Barg qaynatmasi va mevasi xalq tabobatida qon bosimini pasaytiruvchi, murtak bezlari, milk kasalliklarida davo vositasi sifatida ishlatiladi. Shotut urug’dan chiqqan tut niholiga payvand qilib ko’paytiriladi. Yog’ochi duradgorlik, beshikchilik va mebelsozlikda ishlatiladi.