Shovinizm
Shovinizm [Fransuzcha saiu1sh$te, Napoleon I bosqinchilik siyosatining muxlisi frantsuz askari N.Shoven (Spailchop) nomidan] — millatchilikning o’ta agressiv shakli. O’zga millatlarni kamsitish, tahqirlash, o’z millatini boshqa millatdan ustun qo’yish, milliy kalondimog’lik, milliy xudbinlik illatlarini o’zida mujassam etadi. Shovinistlar g’oyaviy-nazariy jihatdan milliy manfaat va ustuvorlikka xizmat qilib, o’z g’oyalarini tazyiq va zo’ravonlik orqali amalga oshiradi. «Shovinizm» termini 19-asrning 30-yillari Frantsiyada paydo bo’ldi. Keyinchalik bu so’z milliy ekstremizmning turli ko’rinishlarini ifodalashda qo’llanila boshladi. Shovinizm biror boshqa millatning tarixiy taraqqiyot yutuqlari, insoniyat tsivilizasiyasiga qo’shgan hissasi, jahon tarixidagi o’rni, milliy, ma’naviy va madaniy qadriyatlarini poymol qilishga harakat qilib, ayrim jihatlari bilan nasizm va fashizmga ham o’xshab ketadi. Shovinizm ko’p millatli davlatda ko’pincha bir millatning ustuvorligiga, cheksiz imtiyozlarga ega bo’lishiga olib keladi. Ba’zan esa muayyan davlatning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy manfaatlarini milliy manfaatlar niqobi ostida namoyon etib, o’zga davlatga tazyiq o’tkazishi ham mumkin. Bu hol buyuk davlatchilik Shovinizmi sifatida ta’riflanadi. Shovinizm 20-asrda dunyoning turli davlatlari va mintaqalarida o’zining mudhish maqsadlarini amalga oshirdi.