Shoyinka, Soyinka Vole
Shoyinka, Soyinka Vole (1934.13.7, Abeokuta) — nigeriyalik dramaturg va yozuvchi. «Sher va sohibjamol» (1963) va «o’rmon raqsi» (1963) hajviy pesalarida Shoyinka grotesk vositasi orqali Afrikadagi an’anaviy va zamonaviy oqimlar o’rtasidagi to’qnashuvlarni aks ettiradi; tarixiy o’tmishni bilishga chaqiradi. «Monax Ieronimning sinovlari» (1964) komediyasi, urushga qarshi qaratilgan «telbalar va professionallar» masali (1971) va «sharhlovchilar» (1965) romanining muallifi. Bu asarlarda Shoyinka Nigeriya amaldorlarining poraxo’rligini qoralaydi. She’rlarida o’z davri muhitidan norozilik ohanglari sezilib turadi («qamoqdagi she’rlar», 1969). Nobel mukofoti laureati (1986).