Shoymurodov Ahmad

Shoymurodov Ahmad (1936.25.3, Samarqand) — haykaltarosh, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1975). Moskva badiiy sanoat bilim yurti (1959) va Surikov nomidagi Moskva badiiy instituti (1964)ni tugatgan. Shoymurodov ijodi bilan o’zbek tasviriy san’atida monumental haykaltaroshlik rivojiga katta hissa qo’shdi; ayniqsa, portret janrida samarali ijod qilib, tarixiy shaxslar obrazlarining yorqin qiyofalarini yaratdi: Navoiy byusti (marmar, 1968, Toshkentdagi adabiyot muzeyida; nusxalari Samarqand universiteti va Samarqand badiiy muzey qo’riqxonasida), «Mirzo Ulug’bek» (mis, 1965), «al-Xorazmiy» (gips, 1985); xalq baxshilari Fozil Yo’ldosh o’g’li (mis, 1974), Ergash Jumanbulbul o’g’li (mis, 1974), Islom shoir nazar o’g’li (mis, 1975) portret haykallari; Shoymardon Qudratov (bronza, 1977), Enver Aliyev (bronza, 1986), yapon rassomi Chexiro Okubo (bronza, 1986) va boshqalar; shuningdek, haykaltaroshlik kompozitsiyalari («jarroh», gips, 1964.; «Mutafakkir», beton, 1968; «Ilhom parisi», mis, 1980 va boshqalar) hamda Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatining rangli koshinkori bezaklari muallifidir (1980-85, Ch.Ahmarov bilan hamkorlikda). 80-90-yillarda Amir Temur (bronza, 1994; beton, 1995 va boshqalar) hamda Alisher Navoiy (bronza, 1991 va boshqalar) va boshqalar siymolarni yaratdi. Shoymurodov asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.