Shpindel

Shpindel (nemischa urchuq) — 1) metall qirqish stanogining ish Vali. Unga asbob (freza, Parma, jilvir tosh va boshqalar) yoki ishlov beriladigan buyum mahkamlanadi. Shpindel tishli va tasmali uzatma orqali yoki bevosita elektr dvigatel yoki havo turbinasidan harakatga keltiriladi; 2) prokat stani vallarini aylanma harakatga keltiruvchi oraliq val. Shpindelning bir uchiga prokatlash Vali (jo’va), ikkinchi uchiga harakatlantirish Vali qo’zg’aluvchan qilib biriktiriladi; 3) yigirish mashinasi urchug’i; 4) kema shpali (chig’iri) ning o’qi yoki klapanining sterjeni; 5) paxta terish mashinasi ish organi. Paxta terish apparatiga o’rnatilishiga qarab, Shpindel vertikal (tik) va gorizontal (yotiq) xillarga bo’linadi, paxta terish mashinasi esa vertikal Shpindelli mashina va gorizontal Shpindelli mashina deb nomlanadi. O’zbekistonda 20-asr 90-yillari o’rtalarigacha asosan vertikal Shpindelli mashinalardan foydalanilgan, bundan keyin gorizontal Shpindelli mashinalar ham ishlatila boshladi. Vertikal Shpindelning dastlabki xillari po’lat val (sterjen) yoki truba (quvur) sirtiga 3 yoki 4 qator vertikal arrasimon tishlar qirqib chiqarilgan. Bunday Shpindellar paxta terish jarayoni talablariga to’liq javob bermasligi (ularni tayyorlash va ta’mirlash texnologiyalari murakkabligi, terilgan paxtaning sifatiga ta’sir qilishi, tishlarni teztez yuvib turish lozimligi) ni hisobga olib, o’zi tozalanadigan tarkibiy Shpindel yaratildi. Uning asosiy ish organi — ikki yoniga shtamplab tishlar chiqarilgan po’lat lenta. Uni 4 qirrali po’lat quvurga spiral holida o’rab (tishlarini vint chizig’i bo’yicha joylashtirib), bir uchi mahkamlangan va ikkinchi uchi bo’sh qoldirilgan. Bunday konstruktsiyadagi Shpindel tebranma harakatlanishi natijasida sirtiga, tishlariga g’o’za tupi, barglari va o’tlarning shirasi yopishmasligi tufayli terim mashinasining ish unumdorligi oshdi, terilgan paxtaning ifloslanishi va tolaning mexanik shikastlanishi kamaydi, eng asosiysi Shpindelni tez-tez yuvib turishga hojat qolmadi. Vertikal Shpindelli paxta terish mashinasining barabaniga 12 tadan Shpindel o’rnatilgan. Masalan, ikki qatorli terim apparatida 8 ta baraban bo’lib, Shpindellar soni 96 taga yetgan. Shpindel tish chiqarilgan qismining uzunligi 60 millimetr. Gorizontal Shpindel po’lat sterjendan tayyorlanadi. Uzunligi 145 millimetr bo’lib, 3 qatorli tish qirqib chiqarilgan 70 millimetrli qismi konussimon shaklda, ikkinchi uchiga harakatga keltiruvchi konussimon tishli g’ildirak (shesternya) yasalgan. Bunday Shpindellar kassetalarga o’rnatiladi. Masalan, 2 qatorli mashinada 48 ta kasseta bo’lib, har biriga 18 tadan Shpindel o’rnatiladi, ularning mashinadagi umumiy soni 864 ta. Texnologik jarayon (paxta terish)da Shpindel tishlariga shira yopishmasligi uchun shu 864 ta Shpindelning har birini suv bilan namlab turish maqsadida poleuratandan tayyorlangan yostiqcha, suv bilan ta’minlash usukunalari, 500 l hajmli bakdagi suvni yostiqchalarga yetkazib beradigan nasos ko’zda tutilgan. Gorizontal Shpindellar ta’mirlanmaydi, ma’lum muddat ishlatilgach, tashlab yuboriladi. Shpindellarning ishlash tartibi paxta terish mashinasi maqolasida keltirilgan. Vertikal Shpindellar tuzilishi, tayyorlanishi va ishlatilishi jihatdan gorizontal Shpindellarga nisbatan ancha ustun va arzon turadi. Vertikal Shpindel, asosan, O’zbekistonda ishlab chiqarilgan, gorizontal Shpindel AQSh da ishlab chiqariladi. O’zbekistonlik olim va ixtirochichkonstruktor L.M. Rozenblyum O’zbekiston sharoitida vertikal Shpindelning gorizontal Shpindeldan afzalligini ham nazariy, ham amaliy jihatdan isbotlagan. Tarkibiy vertikal Shpindelni O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi intida akademik H.H. Usmonxo’jayev va texnika fanlari nomzodi Q. Inog’omovlar yaratishgan. Anvar Rizayev, Qo’rqmas Inog’omov.