Shpon

Shpon (nemischa mayda tarasha, pona) — 1) yog’och g’o’lalarni shilish stanoklarida shilib, randalash stanoklarida randalab va arralash stanoklarida arralab olinadigan yupqa material. Shilib olingan Shpon (0,1 — 10 millimetr qalinlikda) faner tayyorlashda, arralab olingan Shpon (1 — 10 millimetr) musiqa asboblarining qorin qopqoqlariga yopishtirishda, randalab olingan Shpon (0,2—5 millimetr) duradgorlik buyumlar sirtiga qoplashda ishlatiladi; 2) matbaada — satrlar orasini kattalashtirish uchun qo’yiladigan plastinkasimon oraliq (probel) material (qistirma).