Shrift
Shrift (nemischa yozmoq) — matbaada — harf terish mashinalarida matnlar terish uchun mo’ljallangan bosmaxona literlari (harflari). Vazifasiga ko’ra, matnlarni terish; muqovalar, titul varaqlari, sarlavhalarni terish va kichik bosmaxona formalari (diplomlar, blanklar, etiketkalar, e’lonlar va hokazolar) matnlarini terish uchun mo’ljallangan Shriftlarga bo’linadi. Bosmaxona Shriftlari yozilish shakliga, ya’ni qiyaligiga qarab, to’g’ri, kursiv, qiya; normal, ensiz, enli; oddiy (oq), yarim qora, qora Shriftlarga bo’linadi. Yozilish shakli bir xil bo’lgan Shriftlar turli kegldat Shriftlarga bo’linadi; kegli va yozilish shakli turlicha, lekin yozilishi bir xil bo’lgan Shriftlar shrift garniturasi deb ataluvchi bitta guruhga birlashadi. Garnitura jurnal uchun mo’ljallangan, darsliklarga mo’ljallangan va boshqalar xillarga bo’linadi. Bulardan tashqari, chizmachilik Shriftlari ham bor. Ular qo’lda yozilib, chizmaga qo’shimcha tushuntirishlar berish, texnik hujjatlarni to’ldirish va boshqalarda qo’llaniladi. Bosmaxona Shriftlari standartlashtirib qo’yiladi. O’zbekistonda Shriftlar 6 guruh qilib standartlashtirilgan.