Shtab

Shtab (nemischa), harbiy shtab — qo’shinlar (flot kuchlari)ni boshqaruvchi asosiy organ. Shtablar umumqo’shin, qo’shin turlari va qurolli kuchlar turlariga qarab bo’linadi. Shtabning asosiy vazifasi: vaziyat to’g’risida ma’lumotlar to’plash, ularni o’rganish, ishlab chiqish hamda qo’mondonga taklif tayyorlash; amaliyotlarni rejalashtirish, qo’shinlarning birgalashib, hamkorlikda harakat qilishini uyushtirish; qo’shinlar ta’minoti va ularni boshqarishni tashkil etish, buyruq va jangovar farmoyishlarni ijro etuvchilarga tez yetkazish; qo’shinlarning va itoat etuvchi Shtabning jangga tayyorgarlik ko’rishiga yordam berish; jangovar tajribalarni umumlashtirish; mustahkam intizomni ta’min etish va boshqalar Shtab o’z ishini qo’mondonlar qarorlari va yuqori Shtabning farmoyishlari asosida olib boradi. Shtablar barcha davlatlar armiyalarida (O’zbekiston Respublikasida — Qurolli kuchlar Birlashgan shtabi) mavjud.