Shtern tajribasi

Shtern tajribasi gaz molekulalarining issiqlik harakati tezligini aniqlaydigan tajriba. O. Shtern amalga oshirgan (1920). Gazlarning kinetik nazariyasi asoslari to’g’riligini asoslagan. Tajribada sirti kumush qatlami bilan qoplangan platina simni elektr toki bilan qizdirilganda kumush atomlarining bug’lanishi natijasida hosil bo’lgan gazdan foydalanilgan. Bug’langan kumush atomlari qarshiliksiz harakatlanishi uchun qizdiriladigan sim havosi so’rib olingan idishga joylashtirilgan. Atomlar dastasini hosil qilish uchun ularning yo’liga ingichka tirqishli to’siq qo’yilgan. Kumush atomlari tirqish orqali o’tib, jez plastinaga tushgan va tirqish qarshisida ingichka kumush iz ko’rinishida o’tirgan. Maxsus asbob yordamida butun qurilma jez plastina sirtiga parallel yo’nalgan o’q atrofida katta burchak tezlik bilan aylantirilganda atomlar harakatining turli tezliklariga to’g’ri keladigan atomlar soni turlicha bo’lishi sababli, kumush iz yoyiladi va uning qalinligi ham turlicha bo’ladi. Qatlamning eng qalin sohasiga eng katta ehtimolli tezlik bilan harakatlanayotgan atomlar o’tiradi. Tajribada aynan shu eng katta ehtimolli tezlik aniqlangan va uning qiymati nazariy hisoblangan qiymat bilan mos tushgan.