Shtraus Rixard
Shtraus Rixard (1864.11.6 — Myunxen — 1949.8.9, Garmishpartenkirxen, Myunxen yaqinida) — nemis kompozitori va dirijyor. 1885 yildan Germaniya va Avstriya simfonik va opera orkestrlarida ishlab dirijyor sifatida tanilgan; baletlar, 2 simfoniya, fantaziya («Italiyadan», 1886), simfonik poemalar («don Juan», 1888; «qahramon hayoti», 1898 va boshqalar), variatsiya, kontsertlar, kamer cholg’u asarlar, xorlar, qo’shiqlar va boshqalar muallifi. Keng ko’lamli Shtraus ijodi garmoniya va orkestr bo’yoqlarining rang-barangligi, mavzularining o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, simfonik poemalari mashhur. Ularda F. List va g.Berliozning dasturli simfonizm an’analarini, shuningdek, R. Vagnerning orkestrlashdagi yutuqlarini rivojlantirgan. Asarlarida ekspressionizm, neoklassisizm, F. Nisshe falsafasi (xususan, «Zardusht tavallosi» simfonik poemasi, 1896) ta’siri bor. Shtraus ijodi 20-asr Yevropa musiqasiga katta ta’sir ko’rsatgan. Eng yaxshi asarlariga hayotbaxshligi, insonparvarlik, go’zallikni tarannum etishi xos. Geydelberg, Oksford va Myunxen universitetlari faxriy doktori. Berlin va Vena san’at akademiyalari a’zosi.