Shuursizlik

Shuursizlik (huquqda) — aybdorni jinoiy mas’uliyatdan xalos qiladigan ruhiy holat. Ruhiy kasalligi yoki akli zaifligi sababli o’z harakatlarining mohiyatini tushunmaydigan va o’zini boshqara olmaydigan fuqaroni sud muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin. Bunday shaxs saylash va saylanish huquqiga ega emas (O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 117-modda). U jiddiy huquqlardan mahrum bo’lmasada, ularni o’zi amalga oshirolmaydi (O’zbekiston Respublikasi FK, 30-modda). Qonunda ko’rsatilgan ijtimoiy xavfli qilmishni Shuursizlik holatida sodir qilgan shaxs surunkali ruhiy kasalligi, ruhiy holati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoki ruhiy kasalligi bois javobgarlikka tortilmaydi (O’zbekiston Respublikasi JK, 18-modda; O’zbekiston Respublikasi MJK, 20-modda). Mastlik holati hamda giyohvandlik vositalaridan va odamning aqlirodasiga salbiy ta’sir etuvchi turli moddalardan kayflanish holati Shuursizlik deb hisoblanmaydi va jinoiy javobgarlikdan ozod qilish uchun asos bo’lmaydi (O’zbekiston Respublikasi JK, 19-modda). Shuursizlik holatida ijtimoiy xavfli harakat (harakatsizlik) sodir etgan, shuningdek, jinoyat ishi bo’yicha hukm chiqarulgunga qadar Shuursizlik holatiga duchor bo’lganlarga jazo choralari qo’llanilmaydi. Sud ajrimi asosida davolash uchun ularga nisbatan tibbiy yo’sindagi majburlov choralari belgilanishi mumkin (O’zbekiston Respublikasi JK, 67, 9196-moddalar; JPK, 565-581 moddalar).