Shuvaran, sassiqkapa

Shuvaran, sassiqkapa — karamdoshlarga mansub qishlovchi bir yillik begona o’t. Poyasi tik o’sadi, sershox, tukli, bo’yi 30-80 santimetr. Barglari navbatma-navbat joylashgan, bandsiz, ikki marta patsimon kesilgan, sertuk. Gullari och sariq qalqoncha to’pgulga yig’ilgan. Mevasi qo’p urug’li qo’zoqcha. Ildizi sertomir o’qildiz. May—avgustda gullaydi, iyun—sentabrda mevalaydi. Urug’idan ko’payadi. Bir tupi 850 ming urug’ beradi. Urug’lari ariq suvlari orqali tarqaladi. Urug’ining unuvchanligi 5 yilgacha saqlanadi. Beda va sug’oriladigan don ekinlarini ifloslaydi, chopiq qilinadigan ekinlar orasida, uzumzorlarda, bog’larda, turar joylar yaqinida, ariq yoqalarida o’sadi. Kurash choralari: aprelning birinchi yarmidan gullagungacha ekinlar o’toq qilinadi; pichanga ekilgan beda erta muddatlarda, begona o’t mevalari yetilguncha o’riladi, g’alla ekinlariga gerbitsidlar purkaladi.