Siydik, peshob

Siydik, peshob — odam va umurtqali hayvonlar moddalar almashinuvi mahsuloti (ekskret); buyraklarda ishlanib siydik yo’llari orqali chiqarib yuboriladigan suyukdik. Organizmdan Siydik bilan birga suv, tuzlar va boshqa chiqindilar, shuningdek, organizmga kirgan yoki uning o’zida hosil bo’lgan turli zaharli moddalar chiqib ketadi. Odamdagi me’yoriy Siydik tiniq, sarg’ish rangda. Sof og’irligi 10101025 g/ sm3; r-n=4,88,0 (Siydik reaktsiyasi oqsilga boy ovqat iste’mol qilinganda kislotali, o’simlik ovqatlar yeyilganda bir oz ishqoriydir). Siydik tarkibida 96% suv, 1,5% tuz, 2,5% organik moddalar (mochevina, siydik kislota va boshqalar) bor. Siydikda ham qon plazmasidagi kabi tuzlar, asosan, NaCl, shuningdek, sulfatlar, fosfatlar va kaliy, magniy, ammoniy karbonatlari uchraydi. Odam normada bir kecha-kunduzda 1,2—1,6 l cha Siydik ajratadi. Uning miqdori va tarkibi suyuqlikning ichilish tartibi, ovqatning turi, tashqi muhit temperaturasi, funktsional zo’riqish va boshqa omillarga bog’liq. Siydik fizik-kimyoviy xossalarining ko’rsatilgan omillarga bog’liq bo’lmagan holda o’zgarishi organizmdagi ba’zi o’zgarishlardan darak beradi. Masalan, to’q rangli Siydik ajralishi jigar funktsiyasining buzilganligini, «go’sht seli»ga o’xshash Siydik siydik a’zolari jiddiy kasallanganligini ko’rsatadi. Siydikda oqsil paydo bo’lishi buyrak va qovuq yallig’langanidan, qand bo’lishi esa qandli diabet borligidan dalolat beradi. Shuning uchun Siydikni tekshirish (analiz) ko’pgina kasalliklarni aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Analiz uchun nahorgi Siydikdan 100 — 200 ml toza idishga solinib, og’zi yaxshilab berkitiladi. Bundan oldin tashqi jinsiy a’zolarni yuvish lozim.