Somali
Rasmiy nomi — Somali Demokratik Respublikasi. Poytaxti — Mogadisho. Hududi – 637,7 ming km.kv. Aholisi – 9,6 mln kishidan ortiq (2012). Davlat tili — somali va arab. Dini — islom (99% aholi musulmon sunniylar). Pul birligi — somali shillingi. Geografik joylashuvi va tabiati. Afrikaning sharqiy qismida, Somali yarimorolida joylashgan davlat. G‘arbda Efiopiya (chegara uzunligi — 1660 km), janubi g‘arbda Keniya (682 km), shimoli g’arbda Jibuti (58 km) bilan chegaradosh. Sharqda va janubda mamlakat Hind okeani bilan, shimolda Aden ko‘rfazi bilan tutashib ketgan. Chegarasining umumiy uzunligi — 2340 km. Sohil bo‘ylab chegara uzunligi esa — 3025 km. Mamlakat relyefi tekis va tepalikli tekisliklardan, shimolda tepaliklardan iborat. Somalida uran, temir rudasi, boksitlar, qo‘rg‘oshin, surma, mis zahiralari bor. Iqlimi — quruq va issiq tropik. Somalining deyarli 90% hududi yarimcho’llar va quruq savannalardan iborat. Bu yerda ko‘p yillik o‘tlar, akatsiyalar ko‘p. 0‘rmonlarida palmalar, 20 metrli fikuslar bor. Savannalarda antilopa, zebra, jirafa va qoplonlar yashaydi. Daryo havzalarida fillar, karkidonlar uchraydi. Maymunlar ko‘p. Somalining markaziy qismida balandligi 7 metrgacha bo’lgan termit uyalari bor. Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat 18 ta viloyatga bo‘lingan. Somali 1960-yil 1-iyuldan mustaqil (ilgari Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan) davlat hisoblanadi. Bu sana Milliy bayram — Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi. Ijroiya hokimiyat mamlakat konstitutsiyasiga ko‘ra prezidentga va premyer-ministr boshchiligidagi Ministrlar Kengashiga tegishli. Fuqarolar urushi tufayli hukumat amalda mamlakatni nazorat qila olmayapti. Mamlakatda 15 dan ortiq urug‘-qabilachilik asosida tuzilgan harbiy-siyosiy tashkilotlar bor. Ulardan eng yiriklari — Birlashgan Somali kongressi, Somali milliy harakati, Somalini qutqarish demokratik fronti, Somali milliy alyansi.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Dunyoning eng kambag‘al davlatlaridan biri bo’lgan Somalida iqtisodiyotning muhim sektori qishloq xo‘jaligi (YIMning 40%i va taxminan eksportdan keladigan foydaning 65%ini tashkil qiladi) hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligida asosan chorvachilik bilan shug‘ullaniladi. Asosiy eksport qiladigan mahsuloti bananlar, bundan tashqari shakarqamish, sorgo va makkajo‘xori ham yetishtiriladi. Sanoati uncha katta bo‘lmagan shakar, to‘qimachilik va neft korxonalari bilan cheklangan. XX asming 90-yillari boshida yuritilgan beqaror siyosiy holat ishlab chiqarish hajmining sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. Asosiy savdo hamkorlari — AQSH, Italiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni. Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 15215 km. Mamlakat portlari: Barbara, Mogadisho. Tarixi. II-VII asrlarda hozirgi Somali hududlari efioplaming Aksum davlati tarkibiga kirgan. VII asrdan Somaliga arablar kirib kelishdi. Ular bu yerda islom dinini va arab tilini yoyishdi, XIX asrgacha saqlanib turgan bir qator sultonliklarini tuzishdi. XIX asming oxirlarida mamlakatni yevropaliklar tomonidan mustamlakalashtirish boshlandi. Hozirgi Somali hududlari Buyuk Britaniya, Italiya va Fransiya davlatlari o‘rtasida bo‘lib olindi. Britaniya Somalisi 1960-yil 26-iyunda mustaqillik oldi, 1960-yil 1-iyulda Italiya Somalisining mustaqilligi e’lon qilinganidan so‘ng esa yagona Somali davlati tuzildi. 1969-yili harbiylar davlatto‘ntarishi o’tkazib mamlakat prezidentini o‘ldirishdi. 1977-yili Somali Efiopiyaga qarshi urush boshladi, biroq unda mag‘lubiyatga uchradi. Mamlakatda boshlangan fuqarolar urushi 1991-yili general Barrening qulashiga va BMT homiyligidagi harbiy intervensiyaning boshlanishiga olib keldi. Biroq bu ham Somalidagi urushayotgan urug‘larni o‘zaro yarashtira olmadi. 2000-yili Jibuti shahrida mamlakatdagi boshboshdoqlikka chek qo‘yish maqsadida dala komandirlari uchrashuvi o’tkazildi, lekin bu uchrashuv natija bermadi. 2006-yili Islom Sudlari Ittifoqi tashkiloti mamlakat poytaxti Mogadisho ustidan to‘liq nazorat o‘rnatadi.