XX asrning 20-30 yillari davrini ko’zdan kechirar ekanmiz, bunda barcha ijtimoiy hayot jarayonlari qatori madaniy-ma’naviy soha ham o’ziga xos murakkablik, qiyinchiliq bilan kechganligiga amin bo’lamiz. Sovetlar hokimiyati va uning hukmron partiyasi butun mamlakatda sotsializm tuzumini barpo etishni o’z oldilariga asosiy maqsad qilib qo’yar ekanlar, bunda madaniy sohaning roli alohidaligini, uningsiz ko’p narsaga erishib bo’lmasligini yahshi tushunardilar. Shu boisdan sovet hokimiyatining dastlabki yillaridan boshlaboq madaniy qurilish jarayonini o’z ta’minoti va g’oyalari asosida rivojlantirishga kirishgan edilar.
20-yillar boshlariga kelib O’zbekiston hududida madaniy qurilishning eng dolzarb vazifalaridan sanalgan sovet ta’lim tizimini shakllantirish ishlari faol boshlab yuborildi. Sovetlar O’zbekistonda yangi ta’lim tizimini yaratishga yo’l tutar ekan, bundan ko’zlagan asosiy maqsadlari o’lkada xalq ta’limi bo’g’inlarini ravnaq toptirish, yalpisiga Xalq savodhonligiga erishish, ilm-ma’rifat chashmalaridan hammasini to’la bahramand etish emas, balki eng avvalo yurt farzandlari ongiga, shuuriga kommunistik g’oyalar va ideallarni chuqur singdirish va shu yo’l bilan o’zlariga quloq qoqmay xizmat qiladigan «mo’min-qobil» avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish edi.
Sho’rolarning «madaniy inqilob» tadbiri jamiyatning barcha jabhalari qatorida ilm-fan, madaniyati, san’at maorif, oliy ta’lim sohalarini o’z izmiga solgan edi. Ta’lim-tarbiyaning o’choqlari bo’lgan milliy maktablarga ham bu siyosat o’zining salbiy ta’sirini o’tkazmasdan qolmadi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillaridanoq an’anaviy ta’lim tizimini yo’q qilish avj oldirildi. Davlat «proletariat diktaturasi»ning mavjud barcha kuchlaridan foydalanib, sovet siyosiy rahbariyati qisqa muddat ichida Turkistonda chor imperiyasi o’rnatgan ta’lim tizimini tag-tomiri bilan yo’q qilishga erishdi. Bir vaqtning o’zida an’anaviy maktablarga nisbatan ma’muriy-repressiv hamda iqtisodiy choralar ko’rildi. An’anaviy maktab va madrasa hamda jadid maktablarini yo’q qilish bilan birga sovet organlari mahalliy aholi farzandlari maktablariga ham jiddiy e’tibor berishmagan bo’lsada, sovet o’quv maskanlarini o’qituvchi kadrlar hamda kerakli mablag’ bilan ta’minlash imkoniyatlarini topa olishgan. Chunonchi, sho’ro ta’lim tizimiga mos o’qituvchi kadrlarning miqdoriy o’sishini ta’minlash keng yo’lga qo’yilib, 1917 yilning o’zidayoq Toshkent, Andijon, Samarqand, Qo’qonda dastlabki o’qituvchilar tayyorlaydigan qisqa muddatli kurslar tashkil etilgan edi. 1920 yillarning boshlariga kelib, shunday kurslar orqali 3 ming mahalliy millat va 802 ta yevropalik o’qituvchi tayyorlandi.
Ana shunday sharoitda mahalliy ziyolilarimiz zamonaviy milliy universitet yaratish ishiga bel bog’ladilar va Munavvar Qori Abdurashidhonov boshchiligida Musulmon Xalq Universitetini tashkil etish guruhi saylandi. 1918 yilning 9 aprelida Munavvar Qori Abdurashidhonovning hovlisida Musulmon Xalq Dorilfununining 9 kishidan iborat tashkiliy hay’ati ta’sis etildi. Musulmon Xalq Dorilfununi 1918 yilning 12 mayida Toshkent shahrining Eski shaharida tantanali ravishda ochildi. Uning 13ta maktabi 14-maydan ochila boshladi, eng oxirgisi 17 iyunda tarkib topdi. Ulardan 4 tasi ayollar maktabi edi. 1918 yilning 31 mayida esa Musulmon Xalq Dorilfununining oliy ta’lim bosqichi – Musulmon Dorilmuallimi tashkil etiladi. Lekin sho’rolar siyosiy va ijtimoiy muhitning murakkabligi va Rossiyadagi siyosiy voqealarni ro’kach qilib, 5 yillik o’qishga mo’ljallangan dorilmuallimini faqat 4 oylik musulmon o’qituvchilari kurslari bilan chegaralab qo’ydilar. Mazkur o’quv dargohida mashg’ulotlar 1918 yilning 1-iyunida quyidagi o’qituvchilar tarkibi bilan boshlandi, Abdurauf Fitrat, Ibrohim Ismoil, Burhon Habib, Munavvar Qori Abdurashidhonov, Abdulla Rahimboyev, Abdurahmon Ismoilzoda, Haydar Shavkat, Anna Poroykova, Vladimir Sergeyev. Institut mudiri qilib Ibrohim Ismoilov va kotib Abdulla Rahimboyev tayinlandi. Musulmon dorilmuallimini Turkiston Xalq Universiteti mablag bilan ta’minlangani sababli, moddiy tomondan tamoman unga buysungan edi. Tez orada Turkiston Xalq Universiteti Boshqarmasi dorilmualliminda 1918 yil 15 avgustdan 1-sentyabrgacha o’qish to’xtatilishi haqida qaror qabul qiladi va shu yilning kuzida dorilmuallimin ikkinchi darajali tashkilot qatorida yopib qo’yiladi. O’lkada milliy ziyolilarni yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etgan musulmon Xalq Dorilfununi faoliyati sho’rolar davri adabiyotida mutlaqo yoritilmagan, u yerda dars bergan 300 ga yaqin o’qituvchilarning nomlari hozirgi kunga kelib aniqlandi.
Shuni ta’kidlash joizki, 1918 yilning 21 aprelida rus ziyolilari tomonidan Turkiston Xalq Universiteti ochilgan edi. Uning birinchi rektori V.Popov edi. Musulmon Xalq Dorilfununi faoliyati sho’ro hukumati tomonidan to’xtatib qo’yilgandan so’ng faqat rus tilini bilgan mahalliy millat vakillari mana shu dargohda oliy tahsilga ega bo’lishlari mumkin edi. 1926 yilning sentyabr oyida O’rta O’siyo partiya komitetlarining xotin qizlar bo’limlari xodimlari ishtirokida kengash o’tkazildi va u yerda xotin-qizlar orasida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish va uni majburiy ravishda o’tkazishga qaror qilindi. Bu majburiy tadbir “Hujum” deb ataldi ya’ni hujum uslubida ayollar muammosini hal qilish siyosati ustun bo’la boshladi. “Hujum” dastlab katta muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritdi, 1927 yil bahoriga kelib 100 ming ayol paranjisini tashladi, 5 ming ayol savodsizlikni tugatish kurslarida tahsil oldi, 5202 nafar ayol viloyat, shahar, tuman sudlariga xalq maslahatchilari qilib saylandilar. “Hujum” harakatining asl maqsadi faqat paranji tashlashdan iborat emas edi. Uning asosiy maqsadi xotin-qizlarni ijtimoiy ishlab chiqarishga keng jalb etish edi shu maqsadda O’zbekistonda va unga qo’shni respublikalarda bir qator xotin-qizlar atdellari tashkil qilindi. “Hujum” kompaniyasi jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo’l qo’yildi. Eng avvalo bu tadbir shoshma-shosharlik bilan, o’zbek xalqiga xos milliy xususiyatlar, urf odatlar o’rganilmasdan amalga oshirildi. Kompariyatning madaniy merosni inkor etish siyosati arab yozuvini lotin grafikasiga almashtirish haqidagi qarorida ham o’z aksini topdi. Buning sababini sho’rolar «madaniy o’sishda texnik xususiyatga ega to’siqlardan biri bu qoloq transkripsiyadir» hamda «an’anaviy arabcha yozuv faqatgina diniy» musulmon an’analari nuqtai nazaridangina qimmatlidir» deb o’qtirib, arab yozuvining mavqeini pasaytirishga harakat qiladilar. Shu munosabat bilan O’zbekiston kommunistlarining III qurultoyi (1927 yil noyabr) «Yangi lotin alifbosiga yanada shiddatliroq yo’l bilan o’tishi kerak» deb ta’kidladi va 1929 yilda arab yozuvi lotin grafikasiga o’zgartirildi. Chunki O’rta Osiyoni arablar istilo qilgan VIII asrdan boshlab nafaqat diniy kitoblar, balki fanning barcha sohalarida o’n uch asr mobaynida yaratilgan yozma madaniyat yodgorliklari, o’lka aholisi amal qilib kelgan huquq manbalari ana shu yozuvda yaratilgan edi. Shu sababdan bu mahalliy Xalqni madaniyatidan, o’ziga hos huquqidan ajratib, sovet qolipiga majburan solish edi. 1940 yilda esa lotin grafikasining kirill bilan shoshilinch almashtirilishi O’zbekiston aholisi bilim darajasining o’sishiga, uzbek tilining rivojiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Ushbu xatolik savodsizlar sonining sun’iy o’sishini keltirib chiqardi. Lekin eng achinarlisi, ma’naviy hayot to’la ruslashtirilib, hamma joylarda o’zbek tili imkoniyatlarining cheklanishiga olib keldi. Shu o’rinda aytish muhimki Sovet Sotsialistik davlatchiligi o’zbek xalqining tub ma’naviy, ahloqiy qadriyatlariga mos kelmas edi. Tarbiyaviy ishlar ham ilmiy manfatlarni aks ettirmas edi. Mustabid tuzum yillari respublikamizda adabiyot bilan bir qatorda milliy san’at ham rivojlandi. 1918 yilda Hamza Fargonada «O’lka Sayyor» siyosiy truppasini tashkil etdi. M.Qori-Yoqubov, U. Egamberdiyev, H.Islomov, M.Kuznesovalar shu teatr qaldirg’ochlar bo’ldilar. O’sha yili Mannon Uyg’ur Toshkentda «Turon» jamiyati qoshida teatr tuzdi. Bu guruh keyinchalik O’lka Davlat namuna teatriga aylandi. Teatrning birinchi aktyorlari Abror Hidoyatov, Muzaffar Muhamedov, Obid Jalilov, Fathulla Umarov, Sayfi Olimov, Ma’suma Qoriyeva, Bosit Qoriyev, Ziyo Saidlardir. Mannon Uygur vatanparvarlik va ma’rifatparvarlik g’oyalari bilan sug’orilgan Fitrat, G’ulom Zafariy, Cho’lpon, Qodiriy. Ozarbayjon dramaturgi Husayn Jovid asarlarini sahnalashtirdi. Shu yillarda M. Qori-Yoqubov tomonidan birinchi bo’lib o’zbek Xalq musiqa ansambli tashkil etildi. 1926 yilda esa yuzaga kelgan birinchi o’zbek davlat konsert etnografik ansambliga atoqli o’zbek xonanda, aktyor, sozandalari jalb etilib, 1929 yilda uning zaminida Samarqandda O’zbek davlat musiqali teatri tashkil topdi. Aynan o’sha davrlarda atoqli o’zbek ijrochilari chet el gastrollarida bo’lishgan: Tamaraxonim va Qori Yoqubovlar Parij va Berlin (1925) da katta muvaffaqiyat qozonishgan. 1936 yilda o’zbek davlat filarmoniyasining tashkil etilishi ijrochilik san’atining ma’lum darajada tizimlanishiga asos bo’ldi.
Istiqlolchilar kurashi barcha ixtilofdagi siyosiy partiyalar tugatilishi natijasida bolsheviklar mutlaq yakkahokim partiyaga aylandi. U jamiyat ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida o’z mafkuraviy ta’sirini o’tkazib bordi. Ayniqsa bu kishilar ongini o’zgartirishda muhim omil bo’lgan ta’limda, ilmda va madaniyatda jiddiy tus oldi. Dastlabki yillarda madaniyat va uni boshqarish jabhalarida demokratik tamoyillar birmuncha mavjud bulib, hokimiyat mahalliy urf-odatlar va xususiyatlarni hisobga olishga majbur bo’lgan edi. Keyinchalik esa ma’muriy-buyruqbozlik usullari keng quloch otib mustahkamlanib borishi bilan yalpi ko’rsatkichlar ortidan quvish, bolshevikcha «madaniy inqilob» yo’li va usullari ustivorlik qila boshladi. Xalqning ma’rifatga, fanga va milliy ma’naviyatga bo’lgan intilishi hukmron kuchlar tomonidan uzoqni ko’zlamay va yahshi o’ylamay olib borgan siyosatlari natijasida siyosiy manfaatlar yo’liga burildi. Yangi ziyoli kadrlarni shakllantirish, eski mavjud milliy ziyolilarni yo’q qilish ana shu maqsadlarni ko’zlab amalga oshirildi. Savodxonlik darajasining o’sishi byurokratik boshqaruv tizimining mustahkamlanib borishi, texnika taraqqiyoti tomon yutish va ilmiy muassasalarning tashkil topish jarayonlari ular ustidan qattiq mafkuraviy nazoratning o’rnatilishi yuz berdi.
Sovetlarning «madaniy inqilob» tadbiri jamiyatning barcha jabhalarini, ayniqsa fan va madaniyatni o’ta mafkuralashtirib, uning har bir sohasini qamrab oldi. Bolsheviklar tarbiyaning dastlabki va ta’sirchan quroli bo’lgan xalq ta’limini birinchi kunidanoq mafkura izmiga solish uchun butun imkoniyatini ishga soldi. Maktablarda siyosiy tarbiyani yo’lga qo’yishga va uni takomillashtirib borishga e’tibor berdi. Ma’lumki, bolsheviklar mafkurasi negizida asosan sinfiy kurash g’oyasi ustivorlik qilgan. O’zgacha fikrlashga bo’lgan har qanday urinish «sinfiy dushman qarshiligi» deb baholandi.
20-30 yillarda mustabid tuzumiga qarshi fikr bildirganlarni ta’qib ostiga olish avj oldi. Ayni shu paytda «18lar guruhi», «inog’omovchilik», «qosimovchilik» kabi siyosiy ishlar to’qib chiqarilgan edi.
O’zbekiston Prezidenti I. A. Karimov ta’kidlaganidek, respublika NKVDsi «Uchlik»lari tomonidan 1937-39 yillarida 41 mingdan ziyod kishi qamoqqa olinib, ulardan 6 ming 920 tasi otib tashlangan edi.
Shunday qilib, har qanday o’zgacha fikrni kuch bilan bo’g’adigan, ommaviy o’zboshimchalik va zo’rlik bilan Vatanga sodiq necha minglab kishilarni qirib tashlangan mustabid targ’ibot qaror topdi va kuchaya bordi.
20-yillarning boshida Turkistonda madaniy qurilish ishlari xalq xo’jaligi vayron bo’lgan va bolsheviklar ataylab boshlab bergan sinfiy kurash keskinlashgan murakkab sharoitlarda olib borildi. Bu davrda Turkiston madaniy hayoti o’ziga hos ziddiyatli, bir-birini inkor etuvchi salbiy va ijobiy holatlarning o’zaro kurashi tarzida namoyon bo’ldi. Bolsheviklar yakkahokimligi tiklanib bo’lingach, chor hukumati siyosatiga monand ravishda sovetlar amalga oshirgan madaniy siyosatning ustivor yo’nalishi millat, milliy o’zligini anglashning muhim sharti bo’lgan madaniyatni yo’q qilish, ayniqsa, uning milliy sifatlarini qo’porib tashlashga qaratilgan edi. Maqsadga erishish uchun sovet tuzumi o’rnatilgan dastlabki kundanoq bolsheviklar partiyasi yagona, tanho hukmron partiyaga aylanishini ta’minlash, bolshevizmga hayot bo’lgan barcha nazariya va g’oyalarga qarshi kurashish, ularning ta’sirini yo’qotishga qaratilgan siyosatni olib bordi.
Ularning bundan ko’zlagan asosiy maqsadi tubida esa, siyosiy manfaatlar yotardi.
Ushbu maqsadda 1921 yil oxirlarida Turkiston Respublikasi bo’yicha 1000 dan ortiq savodsizlikni tugatish maktablari faoliyat ko’rsatayotgan edi. Mustabid tuzum sovetlarcha savodli shaxslarni shakllantirish, «savodsizlik»ni tugatish borasida shiddatli kurashni avj oldirib yubordi va 1920 yilning 17 sentyabrida TASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan aholi orasida savodsizlikni tugatish to’grisida dekret qabul qilinadi. Unga muvofiq, 8 yoshdan 40 yoshgacha bo’lgan barcha fuqarolar o’qish va yozishni o’rganishlari shart bo’lgan. TASSR Maorif xalq komissarligi huzurida esa savodsizlikni tugatish bilan shug’ullanuvchi favqulodda komissiya ta’sis etiladi. «Savodsizlikni tugatish» (likbez) maktab va kurslari tarmog’ini yaratish borasida bir qator tadbirlar amalga oshiriladi. Hususan, 1920 yilning oxiriga kelib, «likbez»larning soni bir mingdan oshib ketadi. Ularni bitirganlar esa 70 mingta edi. Ushbu maktablar uchun o’qituvchilar tayyorlashga ham katta e’tibor qaratilib, qisqa muddatda mahalliy millatga mansub 2000ta o’qituvchi tayyorlandi. 1924 yilning boshida esa «Bitsin savodsizlik!» jamiyati vujudga keladi. Uning o’zagini o’qituvchilar, talabalar tashkil qilgan. Savodsizlikni tugatish bo’yicha ushbu jamiyat tomonidan dastlabki paytda 35 maktab ochilib 10200 kishi o’z savodini chiqardi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko’ra, 1937 yilga kelib, respublikamizda savodsizlik tugatilib, kamsavodli kishilar soni 2 milliondan ziyod bo’lgan. Aholining sovetlar idrokidagi umumiy savodhonligi 67,8% ga yetgan edi.
1923 yilda Turkiston kommunistik universiteti (SAKU) ish boshladi. Shu bilan bir qatorda Turkistonda 2 ta markaziy, 5 ta viloyat va 5 ta uyezd partiya sovet maktablari ham ishlamoqda edi. 20 yillarning ikkinchi yarmi, 30 yillarda ma’muriy buyruqbozlik usullari keng quloch otib, mustahkamlanishi bilan, bolshevikcha «madaniy inqilob» yo’li va usullari ustivorlik qila boshladi. 30 yillarda sovet maktablari darsliklariga muhtoj bo’lib turgan bir paytda, jadid mualliflari yozgan va musulmon bolalarining psihologiyasiga moslashtirilgan darsliklardan foydalanish haqida o’ylab ham ko’rilmadi.
Maktablarda ko’p hollarda ma’lumoti past, malakasiz kishilar muallimlik qildilar. Umuman 1932 yilda respublika pedagogika o’quv yurtlarida ishlayotgan o’qituvchilarning 72% ini boshlangich ma’lumotga ega bo’lganlar tashkil qilgan edi. Bu yillarda respublika oliy o’quv yurtlari tarmog’i ortib bordi. Agar 1932 yilda respublikada 31 ta oliy o’quv yurtida 12,2 ming talaba o’qigan bo’lsa, 1941 yilga kelib ularda ta’lim olayotganlarning soni 18 ming kishiga yetdi. Shu bilan birga bu yillar davomida 100 ga yaqin o’rta maxsus o’quv yurtlari tashkil qilinib, ularda 15 mingga yaqin yoshlar ta’lim olishdi. Oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimida bu yillar davomida o’zbek millatiga mansub talabalar soni ham ortib bordi. Lekin oliy o’quv yurtlaridagi mavjud professor-o’qituvchilar o’zagini asosan rus ziyolilari tashkil qilar edi. Shunga qaramasdan 30- yillarda respublikamiz hamda mintaqada ilm-fan ravnaqiga munosib hissa qo’shgan mahalliy millatga mansub olimlar yetishib chiqdilar. Ular: T. Qori-Niyoziy, T. Sarimsoqov, S.Sirojiddinov, O. Sodiqov, N. Dolimov, T. Zohidov, U. Oripov, S. Umarov va boshqalardir. Ilmiy-tadqiqot muassasalari tarmog’i va ilmiy kadrlar sonining jadal o’sishi olimlar oldiga yangi vazifalarning qo’yilishi, ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish va ularni muvofiqlashtirib turish ishlarini takomillashtirishni taqozo qildi. 1932 yilga kelib O’zbekiston olimlari Respublika Fanlar Akademiyasini tashkil etishga kirishdilar. Bu yo’lda ilk tashlangan qadam Markaziy Ijroiya Qo’mitasi qoshida 1932 yil 11 oktyabrda O’zbekiston ilmiy tekshirish muassasalariga rahbarlik qiluvchi respublika Fan qo’mitasining tuzilishi bo’ldi. 1940 yil 9-yanvarda Fan qo’mitasi Ittifoq Fanlar Akademiyasining O’zbekiston filiali (O’zFAN)ga aylantirildi. Shu davrdan O’zFAN – O’zbekistonning ilmiy-tadqiqot markaziga aylandi. Uning tarkibiga geologiya, botanika, kimyo, suv xo’jaligi muammolari, tarix, til va adabiyot institutlari; tuproqshunoslik, zoologiya, fizika va matematika sektorlari; Toshkent astronomiya observatoriyasi; iqtisodiy tadqiqotlar va kartografiya byurosi kiritildi. 1943 yilda O’zFAN asosida O’zbekiston Fanlar akademiyasi (O’zFA) tashkil etildi, uning birinchi prezidenti etib akademik Toshmuhammad Niyozovich Kori-Niyoziy saylandi.
1946-1985 yillar oralig’ida Markaz ideologlari tomonidan o’ylab topilgan «rivojlangan sosializm», «sosialistik turmush tarzi» kabi xayoliy va noilmiy aqidalar girdobida butun mamlakatda bo’lganidek, O’zbekistonda ham maorif, oliy ta’lim, ilm-fan, san’at o’ta siyosiylashgan holda rivojlanishga majbur qilindi. Ushbu davrda madaniyatga xos, uning rivojlanishi uchun muhim omil bo’lgan erkinlik, demokratiya batamom yo’q qilindi. Madaniyat, ayniqsa milliy madaniyatning «rivoji» maxsus qolipga solindi. Totalitar tizim sharoitida madaniy-ma’rifiy muassasalardan ommaga g’oyaviy ta’sir o’tkazish maqsadida keng foydalanildi. 1960 yillar respublikada 2,977 klub bo’lsa, 1970 yilda ularning soni 3,441taga yetdi. Shu yillari kutubxonalar soni tegishli ravishda 3,418tadan 5,822taga, muzeylar soni 14tadan 26taga, kinoqurilmalar soni 2,178tadan 3,988taga oshdi. Lekin bularning ko’pchiligi statistik hisobotlarda oshirib ko’rsatilgan bo’lib, aslida o’zlarining bevosita funksiyalarini samarali bajarish uchun hayotiy imkoniyatga ega bo’lmadi. Ularning moddiy texnika bazasi past darajada bo’lib, moliya bilan yetarli ta’minlanmadi. Bu jihatdan O’zbekiston sobiq sovet respublikalari o’rtasida eng quyi pog’onada turdi.
1969 yilda Rossiyada aholining 10 ming nafariga 14 klub muassasi to’g’ri kelsa, Belorussiyada 11ta, O’zbekistonda esa atigi 4ta edi. Madaniy-ma’rifiy muassasalarga davlat tomonidan ajratilgan mablag’ aholi jon boshiga Estoniyada 21,3 so’mni, Armanistonda 17,9 so’m, RSFSRda 9,7 so’mni tashkil qilsa, O’zbekistonda 4,5 so’mni tashkil qilardi. Respublika kutubxonalarining kitob fondi 1950-1970 yillarda o’n barobarga ko’paygan bo’lsa-da, lekin ularning ko’pchiligini mafkuraviy targ’ibot uchun zarur bo’lgan marksizm-leninizmga oid asarlar tashkil qilar edi. Olingan kitoblarning 8- 10 foizigina respublikada nashr etilgan bo’lib, qolganlari chetdan keltirilib, ularning aksariyati rus tilida edi. Madaniy-ma’rifiy muassasalar moliyaviy jihatdan davlat nazoratidan chetda qolganligi uchun ko’pincha jamoatchilik asosida ko’rildi. O’zbekistonda ta’lim tizimini yahshilash uchun o’nlab qarorlar qabul qilinardi. Biroq bu qarorlar milliy maktablarda to’liq bajarilmasdi. Maktablar urushdan keyin ham darsliklar bilan to’liq ta’minlanmadi. O’qituvchi xodimlar masalasi urushdan keyingi yillarda eng jiddiy muammolardan edi. Chunki, malakali o’qituvchilar asosan urushga yuborilgan, ularning ko’pchiligi halok bo’lgandi. 1950 yilda respublika xalq xo’jaligi uchun kadrlar tayyorlashda 26 ta oliy o’quv yurtlari, shuningdek 2 ta universitet faoliyat ko’rsatdi.
Shu bilan birga 92 ta texnikum o’rta maxsus ta’lim tizimida ish olib bordi. 1950- 1953 yillarda oliy o’quv yurtini bitirganlarning atigi 30% ini, o’rta maxsus o’quv yurtlari bitiruvchilarining esa 33% ini o’zbeklar tashkil qildi, xolos. O’zbek millatiga mansub yoshlarni oliy va o’rta maxsus ta’lim maskanlariga bunchalik kam jalb etilishining sabablaridan biri bu o’quv yurtlariga kiruvchi yoshlar o’rta maktablarda ommaviy-siyosiy tadbirlarga, qishloq ishlariga asossiz ravishda ko’plab jalb qilinishi oqibatida ular oliy o’quv yurtlariga kira olishlari uchun talab qilinadigan bilimni olish imkoniyatiga ega bo’lmasdilar. Yana bir muhim sabablaridan biri, oliy o’quv yurtlariga kirish uchun sinov sifatida xorijiy tillardan imtihon qo’yilishi va talabalarga 80 yillardan boshlab rus tilida dars o’tilishi edi. Ayni paytda, qayd etish joizki, respublikada oliy o’quv yurtlari soni ham ortib bordi. 1959 yili respublika oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 31 ta oliy o’quv yurtlari mavjud bo’lib, ularda 88 ming kishi ta’lim olgan bo’lsa, 1985 yilga kelib oliy o’quv yurtlari soni 42 taga talabalar soni esa 285,5 ming kishini tashkil qildi. Shuningdek, respublikadagi 249 ta o’rta maxsus bilim yurtlarida 281,7 ming o’quvchi bilim oldi. Bu miqdor mahalliy millat yigit qizlari bilim uchun emas diplom uchun qiziqish degan aqidalar asoslanganligini ko’rsatadi.
Bu davrda mutaxassislar tayyorlashda asosiy e’tibor son ko’rsatkichlariga qaratildi. Shu bilan birga, oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimida mafkuraviy tazyiqlar kuchaydi; mutaxassislik bo’yicha asosiy fanlarni o’qitishni takomillashtirish o’rniga barcha oliy o’quv yurtlarida kommunistik mafkurani shakllantiruvchi KPSS tarixi, marksizmleninizm falsafasi, siyosiy iqtisod fanlarini o’qitish amalga oshirildi. O’quv jarayoni uchun muhim bo’lgan demokratik va ijodiy jihatlar inkor etildi. Natijada oliy ta’lim tizimida mas’uliyatsiz, loqayd, «o’rtamiyona» mutaxassislar tayyorlash mexanizmi vujudga keldi. Shunday bo’lishiga qaramay O’zbekistonliklarni, xususan o’zbeklarning ilmga chanqoqligi har qanday sun’iy to’siqlarni yenga boshladi. O’zbekistonda fan va tehnikaning hamma sohalarida yirik olimlar yetishtirilib, fan nomzodlarini va doktorlarini tayyorlash bo’yicha sobik SSSRda oldingi qatorlarga chiqdi.
1950 yil O’zbekistonda 1760 fan nomzodi, 180 fan doktorlari ilmiy ish olib borar edi. 1965 yilda esa, fan nomzodlarining soni 4000 va fan doktori 324taga yetdi. 50-60 yillari Respublika Fanlar akademiyasining olimlari, ayniqsa, matematika-mexanika, tibbiyot, energetika, qishloq xo’jaligi sohalarida yoshlar olib bordilar. Bir qancha ilmiy-tekshirish institutlari travmotologiya va ortopediya, energetika, matematika, onkologiya va radiologiya, O’rta Osiyo qishloq xo’jaligini mexanizasiyalash va elektrlashtirish, kibernetika va boshqa bir qancha institutlar shu yillarda ishga tushirildi. Fanlar akademiyasi qoshida Falsafa va huquq instituti tashkil etilib, Sharqshunoslik instituti faoliyati kengaytirildi.
50-yillardan boshlab respublikada ilmiy-tadqiqot ishlarida atom quvvatidan foydalana boshlandi. Dastlabki paytda atom quvvati Toshkent va Samarqand Davlat universitetlari laboratoriyalarida, Fanlar akademiyasining fizika-texnika institutida, politexnika va meditsina institutlarida ishlatildi. 1956 yil boshlarida Toshkentdan 30 km yiroqda, 750 shtat birligiga mo’ljallangan Yadro ilmiy-tadqiqot instituti va barcha qulayliklarga ega bo’lgan shaharcha qurilib, 1958 yili ishga tushirildi. Uning birinchi direktori etib, yirik fizik olim, akademik Ubay Orifov tayinladi.
1951-1954 yillari respublikada yana bir yirik ilmiy markaz bunyod etildi. 80 gektar maydonda ittifoqda yagona tabiiy sharoitda o’sadigan Toshkent botanika bog’i yaratildi. 1956 yili 5 noyabrda O’rta Osiyoda birinchi Toshkent telemarkazi ishga tushurildi. 1962 yil Urganchda, 1964 yil Nukusda ham television markazlar ish boshladi. O’zbekistonlik olimlarning bir qanchasi, ayniqsa, tabiiy fanlar sohasida o’zlarining ilmiy yutuqlari bilan nafaqat sobiq ittifoq doirasida, balki jahon miqyosida tan olindi va yuqori darajadagi davlat mukofotlariga sazovor bo’ldilar. O’zbek olimlaridan matematiklar – T.N.Qori-Niyoziy, T.A.Sarimsoqov, S.H.Sirojiddinov, fiziklar – U.O.Oripov, S.A.Azimov, ximiklar – O.S.Sodiqov, S.Yu.Yunusov, M.I.Nabiyev, geologlar – H.M.Abdullayev, I.K.Hamraboyev, G.A.Mavlonov, biologlar – A.M.Muzaffarov, K.Z.Zokirov, T.Z.Zohidov texnika sohasida M.T.Urazboyev, H.A.Rahmatulin, H.Fayziyev, jamiyatshunoslik fani sohasida I.M.Muminov, H.Sulaymonova, Yo.G’.G’ulomovlar shular jumlasidandir.
Yurtboshimiz I. A. Karimovning mana bu ibratomuz so’zlarida ulug’ ajdodlarimizning muttasil mustaqillik g’oyasiga sodiq bo’lib, shunga intilib yashab kelganligiga yana bir bor amin bo’lamiz: «Biz ona O’zbekiston istiqlolini, uning sha’nu shavkatini qanday himoya etishni ota-bobolarimizdan meros qilib olishimiz va uning himoyasiga hamisha tayyor turmog’imiz darkor».
Darhaqiqat, chor mustamlakachiligi o’zining behad zulmkorligi, qabohati bilan yurtimiz, uning jafokash odamlari tanasida o’chmas dard-hasrat qoldirdi, ularning qalbi dilini pora-pora etib, beadad mahrumliklarga giriftor qildi. U ajdodlarimizning qalb olamini azaldan bezab, ularni ma’nan va ruhan qo’llab quvvatlab kelgan ne-ne asl ma’naviy qadriyatlarni zavol toptira borib, ularning jismi-jonida mavj urib kelgan milliy istiqlol va erk tuyg’ularini asta-sekin sundirishga urinib keldi. Yurtimiz tuprog’ini qonga belagan chor zobitlaridan biri bo’lgan general Skobelevning:
«Millatni yo’q qilish uchun uni qirish shart emas, uning madaniyatini, san’atini, tilini yo’q qilsang bas tez orada o’zi tanazullga uchraydi», deb aytgan behayo so’zlari bekorga aytilmagan albatta.
Bolsheviklar hokimiyati o’rnatilgach o’lka xalqlarining ma’naviy madaniy hayotida xuddi shu qoidaga asoslanib, milliy o’tmishni unutgan, sovet tuzumini ardoqlaydigan, fanatik sovet kishisini vujudga keltirish yo’lidan bordi. 20 yillarning oxiri 30 yillarning boshidan madaniy hayotda ma’muriy buyruqbozlik usullarining keng qo’llanilishi, shuningdek qatag’onlar to’lqinining boshlanganligi, albatta milliy ma’naviyatimizga jiddiy to’sik bo’ldi. XX asrning 20-30 yillarida hukmron kommunistik partiyaning madaniy-qurilish siyosati asosan «shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyatini shakllantirishga qaratildi. Shu bois bu yillarda o’zbek xalqining olis asrlarga borib qadaluvchi moddiy va ma’naviy madaniyati durdonalari, asoriatiqalariga, masjidu madrasalar, gumbazu maqbaralar ko’rinishidagi noyob me’moriy obidalarga zo’r berib hujum uyushtirildi. Hatto ko’p joylarda «Hudosizlar jamiyatlari» tuzilib, ular orqali diniy e’tiqod va tasavvurlarga qarshi, uning pokdamon peshvolariga qarshi hujumkor ateistik kurash, tashviqot va targ’ibot avj oldirildi. Bolshevistik siyosiy doiralar o’zgacha dinni, o’zgacha e’tiqodni xalq ongiga singdirishga harakat qildi. Bu din marksizm g’oyasi edi. Bu go’yani ommalashtirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi. Jamiyatga asosiy mafkura sifatida marksizmning kiritilishi natijasida boshqa dunyoqarashlar batamom inkor etildi. Marksizm g’oyasini qabul qilmagan har bir kishi «Xalq dushmani» deb e’lon qilindi.
O’zbek adabiyotining Fitrat, Cho’lpon kabi «keksa» avlodi vakillarining 30- yillarda erkin ijod etishga yo’l qo’yilmadi. Shoir va yozuvchilarning o’z asarlarida Lenin va Stalin obrazlarini yaratishlariga alohida e’tibor qaratildi, kommunistik obrazi o’zbek adabiyotining asosiy obraziga aylandi, o’zbek kishisi ongining shakllanishi, albatta rus «og’a»sining ishtiroki va ta’sirida ro’y berishi lozimligi adabiyot oldiga qo’yilgan asosiy talablardan edi. 1929 yili turli bahonalar bilan uyushtirilgan «tozalash» kompaniyalarida o’zbek ziyolilarining dastlabki avlodi mahv etildi. Ammo 1929-1930 yillardagi «tozalash» bilan o’zbek xalqi va uning madaniyatini sovetlashtirish muhim ekanini tushungan davlat va partiya 1937 yilda adabiyotimiz va umuman madaniyatimizning eng sara arboblarini yo’q qilib, hatto ular nomini tarixdan o’chirib tashlash uchun barcha choralarni ko’rdi. A. Fitrat, Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Elbek, Usmon Nosir, Gozi Yunus, G’ulom Zafariy singari yozuvchilar «Xalq dushmanlari» deb e’lon qilindi.
Bu qatog’on qurbonlari Ona yurt uchun, Vatan uchun jonlarini garovga qo’yib, faoliyat yuritganliklarini Prezidentimizning quyidagi so’zlaridan ham bilish mumkin: «XX asr boshidagi ma’rifatchilik harakati haqida gap ketganda bir savol fikrimizni teranlashtiradi. O’sha haraktning namoyandalari boylik uchun, shon-shuhrat uchun maydonga chiqishdimi? Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat, Tavallolarga maktab ochganlari, xalqni o’z haq-huquqlarini tanishga da’vat etganlari uchun birov maosh to’laganmi? Albatta, yo’q! Ular o’t bilan o’ynashayotganlarini, istibdodga qarshi kurashayotganlari uchun ayovsiz jazolanishlarini oldindan yahshi bilishgan. Bilaturib, ongli ravishda mana shu yo’ldan borganlar. Chunki vijdonlari, iymonlari shunga da’vat etgan».
50-yillarning oxirlarida «SSSRda sotsializmning to’la va uzil-kesil galaba qilgan»ligini KPSS XXI s’yezdi (1959 yil yanvar-fevral) tantanali ravishda e’lon qildi. 60 yillardayoq jamiyat taraqqiyotida kundan-kunga sekinlashish mexanizmi tobora kuchayib, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda beqaror rivojlanish ko’zga tashlandi va SSSRda 80 yillarga kelib «va’da qilingan kommunizm» bo’lmasligi yaqqol sezilib qoldi. Shu boisdan «rivojlangan sotsializm» g’oyasi o’ylab chiqilib, barcha sohalar kabi madaniy-ma’rifiy soha ham mana shu g’oyaga moslashtirildi. Mustabid tuzum illatlari fan taraqqiyotiga o’zining salbiy ta’sirini o’tkazmay qo’ymadi. Bu narsa, erkinlik, ijodiy muhit yaratish o’rniga, ma’muriy buyruqbozlik usulini qo’llashda fanga ham yuqoridan turib «ko’rsatma» berishda, ayniqsa olimlar tomonidan yaratilgan yangiliklarni ishlab chiqishga o’z vaqtida joriy qilinmaslikda yaqqol ko’rindi. Ayniqsa, bu davrda ijtimoiy-gumanitar fanlarga nisbatan «zo’ravonlik», ularni kommunistik mafkura «andozasiga» solish yanada kuchaydi. Qadimiy tariximizni o’rganish «o’tmishga sajda qilish» deb qoralandi.
40 yillar oxiri 50 yillar boshidagi yangi qatog’onlar to’lqini M. Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat, Sayid Ahmad, Shukrullo singari yozuvchilarni «temir parda» orasiga tashladi. 60 yillarning ikkinchi yarmi va 70 yillarda yaratilgan o’zbek adabiyotining eng yahshi namunalari mavjud tuzumga nisbatan muholifat maqomida maydonga keldi. Shuning uchun ham bu davrda yozilgan asarlar hali o’z qiymatini yo’qotgan emas. San’at sohasidagi hodimlarga ham eng avvalo inqilobiy sovet turmush tarzini ulug’lovchi asarlar sonini ko’paytirishga ahamiyat berish vazifasi yuklandi. Milliy-tarixiy mavzularga e’tibor berish esa «burjua mafkurasiga sajda qilish» deb baholandi.
60-80 yillarda madaniy-ma’rifiy muassasalar ish shakli, uslublari ko’proq badiiylikdan siyosatlashgan «madaniy yo’lga» moslasha bordi. Natijada har bir madaniyat maskanlarining ish faoliyati natijalari uning qay darajada xalq madaniy saviyasini oshirganligiga qarab emas, aksincha, qay yo’sinda kommunistik mafkuraning targ’ibotchisi sifatida ish olib borganligiga qarab baholandi. Kino, radio, televideniye mehnatkashlarni «kommunistik» ruhda tarbiyalashda, xalq ongiga rus madaniyatini singdirishda katta rol o’ynadi. 1946-1985 yillarda O’zbekiston madaniyatining rivoj topishga madaniyat va san’at sohasini moddiy iqtisodiy jihatdan ta’minlashda yo’l qo’yilgan jiddiy hatolar ham salbiy ta’sir ko’rsatdi. Hususan, 1940 yildan boshlab surunkali ravishda mazkur soha uchun davlat byudjetidan mablag’ ajratish kamayib borish sabablardan biri sovet davlati iqtisodiy ahvolining tobora yomonlashib borayotganligidan dalolat edi. Ayniqsa, bu 80 yillarning ikkinchi yarmiga kelib keskin tus ola boshladi.
Shunday bo’lsa-da mustabid tuzum o’zining mafkuraviy cheklashlaridan, kommunistik g’oyaga zid bo’lgan qarashlarga murosasiz bo’lishdan voz kechmadi. Aksincha, ijtimoiy-iqtisodiy turg’unlik yillarida ham siyosiy aqidaparastlik yanada kuchaydi. Qonun chiqaruvchi vа ijrochi hokimiyat ittifoqdagi singari, respublikada ham rasman sovetlar ixtiyorida edi. 1950 — 1959-yillarda O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumiga Sh.R. Rashidov boshchilik qildi. Hullas, sovet tuzumining murakkab va o’ta ziddiyatli yillarida o’zbek xalqi o’zligini, qadimiy milliy madaniyati va qadriyatlarini saqlab qolishga harakat qildi. Lekin bu oson kechmadi. Bu yo’lda o’ziga hos kurashlar va yo’qotishlar sodir bo’ldi. Kommunistik mafkura mahalliy xalqning milliy g’ururini sindirishga urindi. Xalqni milliy ma’daniyatdan, milliy an’analardan chalg’itish uchun “kommunizm” va “rivojlangan sotsializm” kabi hayoliy aqidalarni o’ylab topdi. Ularni xalq ommasi ongiga singdirish uchun barcha choralardan, vositalardan va usullardan foydalandi. Lekin o’zbek halqi bularning barchasiga bardosh berdi. Chunki halq ijtimoiy-siyosiy hayotda muqarrar o’zgarishlar sodir bo’lishiga ishonar edi.