SUYURG’OL
SUYURG’OL (mo’g’ulcha — in‘om, sovg’a) — biror hukmdor (xon, sulton, shoh) tomonidan saltanat oldida alohida xizmat ko’rsatgan arkoni davlat yoki sarkardalarga berilgan mol mulk, yer suv. Mo’g’ullar istilosidan so’ng Movarounnahr, Dashti Qipchoq, Yaqin Sharq mamlakatlarida rasm bo’lgan. Suyurg’olga beriladigan yer nasldan naslga meros bo’lib o’tgan. Suyurg’ol egasi davlatga to’lanadigan soliqlardan ozod etilib, olgan daromadi va o’ziga qaram aholidan ixtiyoricha foydalanish huquqiga ega bo’lgan. Amir Temur va Temuriylar saltanatida Suyurg’ol keng qo’llanilgan. Sohibqiron zabt etgan mamlakatlarning ba‘zi viloyat va tumanlarini shu yerlarning oldingi egalariga, o’z o’g’illari, nevaralari, qarindoshlari, atoqli lashkarboshilar, amir va beklarga Suyurg’ol tarzida bergan va ular «darbasta Suyurg’ol» deb yuritilgan. Amir Temur o’zining eng iste‘dodli sarkardalaridan biri Amir Shohmalikka bir qancha yerlarni Suyurg’ol qilib bergan. Shohrux davrida Shohmalik Xorazm viloyatiga darbasta Suyurg’ol etib tayinlangan. Shohmalik vafotidan keyin Xorazm uning o’g’li Ibrohim Sultonga topshirilgan. XVI asrdan boshlab Suyurg’olning avvalgi tartibida muayyan o’zgarish yuz beradi. Shayboniylar va Ashtarxoniylar davrida ba‘zi qishloqlar, yer maydonlari shu yerlardan undiriladigan solikdarning bir qismi ham Suyurg’ol tariqasida beriladigan bo’lgan. XVIII-asr va XIX-asrning 1- yarmida Suyurg’ol mohiyati tubdan o’zgarib, uning faqat merosiyligi saqlanib qolgan.