TABIBLIK

TABIBLIK — xalq tabobati asosida bemorlarni davolash. Sharq xalqlarida bir necha ming yillik tarixga ega bo’lib, avloddan-avlodga o’tib, rivojlanib kelgan. Avestoda ta’kidlanishicha, tabiblar qaror topgan qonunqoidalar asosida bemorlarni davolashgan. Tabiblar odamlarni shunchaki giyohlar va ma’danlardan tayyorlangan dori-darmonlar bilan davolabgina qolmay, hatto ko’z jarrohligi amaliyotini ham bajarishgan. O’rta asrlarda faqat Xorazm va Xurosonda emas, savdo va madaniyat markazi bo’lgan Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda ham tabiblar bemorlarni markazlashgan sihatgohlarda davolash bilan shug’ullanishgan. Tabiblar zamonasining o’qimishli va tibbiyotda ma’lum tajribaga ega kishilari bo’lgan. Nihoyatda tajribali, yetuk, o’qimishli tabiblarni xalq Hakim deb atagan. Buqrot (Gippokrat), Jolinus (Galen), Abu Bakr ar Roziy, Abu Ali ibn Sino kabi hakimlar mashhur. 20-asrning 20-yillariga qadar O’zbekistonda tibbiyot o’chog’i bo’lmaganligi sababli, Tabiblik otadan bolaga o’tadigan kasb bo’lib kelgan. Tabiblar orasida Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» kitobidan foydalanib mahalliy giyoxlardan turli dorilar tayyorlab singan chiqqanlarni davolagan obro’-e’tiborlilari talaygina. Toshkentlik aka-uka tabiblar Vosidxon va Xomidxon Zohidxonovlar tibbiyot sohasida ilmiy risolalar yozishgan, terapiya, gigiena masalalariga ahamiyat berishgan. Toshkentlik Akmalxon Mahmudxonov, Komil Salimov, Ibrohim Shukurov, samarqandlik usta To’xta nazar o’g’li, buxorolik Burxon Saidov va boshqa mashxur tabiblar kishilar dardiga malham bo’lishgan. Ayrim tabiblar esa hayvonlarda tajriba qilib ko’rib, singanchiqqanlarni davolashgan. Tabiblar foydalangan ba’zi bir dorivor vositalar va usullar keyinchalik botanika (dorivor o’simliklar), tibbiyot, zoologiya va boshqa ilmiy sohalarning rivojlanishiga asos bo’ldi. Sho’rolar davrida Tabiblik kasbi ma’lum vaqtgacha vrach faoliyatiga zid qo’yilib, nihoyatda kamsitib kelindi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng ilmiy tibbiyot bilan bir qatorda Tabiblik kasbi rivoj topib, dorivor o’simliklar bilan ko’plab kasalliklarni, singan chiqqanlarni davolayotgan tabiblar ham faoliyat ko’rsatishadi.