TABIIY GEOGRAFIK ZONALAR

TABIIY GEOGRAFIK ZONALAR, quruqlikning tabiat zonalari — iqiim omillariga bog’liq ravishda, asosan, issiqlik bilan namlik mikdori va nisbatiga qarab muayyan tartibda qonuniy almashinib boradigan geografik (landshaft) qobiqning yirik bo’linmalari. Zonalar almashinuvi ekvatordan qutblarga va okeanlardan materik ichkarisiga tomon yuz beradi. Ular, odatda, kenglik bo’ylab cho’zilgan bo’lib, aniq chegaralarga ega emas, astasekin bir-biriga o’tib boradi. Yer yuzida ro’y beradigan hrdisalar erning ichki kuchlariga va Quyoshdan keladigan radiasiya miqdoriga bog’liq. Yer shar shaklida bo’lganligi uchun Quyoshning nur energiyasi bir tekisda taqsimlanmaydi. Bu omillar tabiiy sharoiti bir-biridan tubdan farq qiladigan Tabiiy geografik zonalarni vujudga keltiradi: Quyoshning nur energiyasi ekvatordan qutblarga tomon turli miqdorda tushganligidan temperatura, bug’lanish, bulutlar, yog’inlar, relef va shamollar, nurash va tuproq hosil bo’lish jarayonlari, suv, o’simliklar va b. zonalar hosil qilgan. Har bir zona uchun uni tashkil etgan tabiat komponentlari va jarayonlari (iqlim, gidrologik, geokimyoviy, geomorfologik, tuproq va o’simlik qoplami hamda hayvonot dunyosi)ning tipik xususiyatlari xos. Ko’pgina Tabiiy geografik zonalarga uning eng yorqin indikatori — o’simlik tipiga qarab nom berilgan (o’rmon zonasi, dasht zonasi, savanna zonasi va hokazolar). Zonalar, o’z navbatida, nisbatan tor bo’limlar — tabiiy geografik kichik zonalarga ajratiladi, masalan, dasht zonasida quruq va tipik dasht zonasi, mo’tadil mintaqa o’rmonlari zonasida tayga, aralash va keng bargli o’rmonlar zonasi farq qilinadi. Yer sharida tabiiy geografik mintakalar ajratilgan bo’lib, ularning har birining zonal sistemasi — tekisliklarda zona va kichik zonalar, tog’larda balandlik mintaqalari to’plami mavjud. Shimol yarim sharda quyidagi zonalar bor: Arktika muz sahrolari, tundra, o’rmon tundra, mo’tadil mintaqa o’rmonlari, mo’tadil mintaqa o’rmondashtlari, mo»tadil mintaqa chala cho’llari, mo»tadil mintaqa cho’llari, subtropik doim yashil o’rmonlar va butazorlar, subtropik aralash mussonli o’rmonlar, subtropik o’rmondashtlar, subtropik dashtlar, subtropik chala cho’llar, subtropik cho’llar, sernam tropik o’rmonlar, tropik siyrak o’rmonlar, quruq o’rmonlar va savannalar, tropik chala cho’llar, tropik cho’llar, subekvatorial mussonli aralash o’rmonlar, ekvatorial o’rmonlar (gileya) zonalari. Janub yarim sharda esa tundra zonasi, o’rmon tundra zonasi, mo’tadil mintaqa cho’llari zonasi uchramaydi. Tabiiy geografik zonalar paleogeografik rivojlanish jarayoni davomida sezilarli o’zgarishlarga uchragan. Qurukdik va dengizlar maydonining, relef, iqlim sharoitlari makroshaklining o’zgarishi bilan ba’zi zonalar yo’qolib ketdi yoki boshkalari bilan almashdi. Ba’zi zonalar chegarasiga inson faoliyatlari ham o’z ta’sirini ko’rsatgan. Zona va kichik zonalarni shartli ajratishga tadqiqotchilar turlicha yondoshadilar.