TAJRIBA DALASI

TAJRIBA DALASI – 1) qishloq xo’jaligi. sohasidagi tajriba muassasasi; Tajriba dalasida joyning tabiiy va iqtisodiy sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xo’jaligi. ekinlari yetishtirishning ratsional usullarini ishlab chiqish maqsadida dala tajribalari o’tkaziladi. Tajriba dalasi qishloq xo’jaligi fanlari rivojlanishida muhimrol o’ynagan. Hozirgi davrda mustaqil muassasa sifatida o’z ahamiyatini yo’qotdi. Ko’pgina Tajriba dalasi asosida tajriba stansiyalari, ba’zi hollarda esa institutlar tashkil etilgan. Hozir ham saqlanib qolgan Tajriba dalasi muayyan institutlar ixtiyorida bo’lib, doimiy tajriba maydoni vazifasini bajaradi. O’zbekistonda dehqonchilikka doir dastlabki Tajriba dalasidan biri Mirzacho’l tajriba dalasi bo’lgan; 2) dala tajribalari o’tkaziladigan yer uchastkasi. Qishloq xo’jalik ekinlarining biologik va agrotexnik xususiyatlarini, ularni turli tabiiy va xo’jalik sharoitlarida yetishtirish usullarini o’rganish uchun mo’ljallanadi. Tajriba dalasining tuprog’i mazkur zona uchun tipik, unumdorligi jihatidan bir xil, relefi tekis, nishabi tuproqni bir tekisda namlashga imkon beradigan darajada bo’lishi tajriba natijalarining aniqligini ta’minlaydi. Tajriba dalasi uchun so’nggi 3-4 yil davomida har yili bir xil ekin ekilgan, o’g’it solish, tuproqqa ishlov berishda yagona sistema qo’llanilgan yerlar tanlanadi va hokazolar. Maydondagi paykallarning kattakichikligi va tajriba takroriyligi dala tajribasining aniqligiga ta’sir ko’rsatadi. Tajribalar muayyan sondagi variantlardan iborat bo’lgan ma’lum bir sxema bo’yicha bajariladi. Tajriba kichik paykallarda o’tkazilsa va juda aniq natijalar olish zarur bo’lsa, tajriba 6 martagacha takrorlanadi (masalan, Davlat nav sinovida 50 metr kvadrat kattalikdagi paykallarda). Paykal taxminan 100 metr kvadratgacha kattalashtirib borilganda tajriba aniqligi ortib boradi, ularni yanada kattalashtirish tajriba anikligini pasaytiradi. Alohidaalohida ishlov berishni talab qilmaydigan paykallarda agrotexnika tajribalarining asosiy qismi kattaligi 50-200 metr kvadrat keladigan paykallarda o’tkaziladi. Mashina va qurollarni alohidaalohida ishlatishni talab etadigan tuproqqa ishlov berish usullari yoki boshqa agrotexnika tadbirlarini sinab kurihda har bir paykal 300 va, hatto, 1000 metr kvadratgacha kattalashtiriladi. Tajriba dalasida o’simliklar hosilini miqdor va sifat jihatidan hisobga olib borish shart, bu esa dala sharoitlarida hosilning o’rganilayotgan shu usullariga Qay darajada bog’liqligini anikdashga yordam beradi. Abdukarim Zikiryoyev.