TALMIH

TALMIH (Arabcha — ishora qilish, biror narsa tomonga yengil nazar tashlash) — mumtoz she’riyatda keng qo’llangan badiiy san’atlardan biri. Bunda shoir mashhur bir qissa, voqea yoki asarga ishora qilish orqali o’z fikrini muxtasar hikoya qiladi. Shunga ko’ra, Talmih she’rda oz so’z bilan ko’p ma’noni ifodalash san’ati deyiladi. Masalan, Atoiy Sen buti chin ishqida holimni ayb etkan kishi «Mantiquttayr» ichra ko’rsun Shayx San’on qissasin. baytida o’zining bir go’zal ishqida ne holga tushganini batafsil bayon qilib o’tirmay, Farididdin Attorning «mantiq uttayr» dostonidagi mashhur «Shayx San’on qissasi»ga ishora qiladi: Shayx San’on voqeasidan xabardor kishi mening holatimni sira ayb qilmaydi, deydi. Shu tariqa, butun bir kitobga jo bo’ladigan fikr bir baytga singdiriladi. Talmih 3 ko’rinishda namoyon bo’ladi: ejoz, musovot va bast. Ejoz — oz so’z bilan ko’p ma’noni ifodalash. Musovotda so’z va ma’no teng. Bayt esa ma’noni ko’p so’z bilan ifodalashdan iborat. Istiora va tashbih ejoz jumlasidan bo’lib, ortiqcha bayon va shubhani bartaraf etish uchun batafsil ma’lumot keltirish bilan bog’liq san’atlar bast hisoblanadi. Bu san’atlardan eng ko’p qo’llanadigani —ejoz. Sharq mumtoz adabiyotida Talmih san’atiga ko’p shoirlar murojaat qilgan. Zamonaviy shoirlar ijodida ham Talmihning go’zal namunalari mavjud. Ad.:Atoulloh Husayniy, Badoyi’ussanoyi’, T., 1981; Shamsi Qaysi Roziy, Almo»jam, Dushanba, 1991. Ergash Ochilov.