TALONCHILIK

TALONCHILIK — jinoyat huquqiga ko’ra o’zganing mulkini talon-toroj qilish. Talonchilik oshkora yoki yashirin ravishda sodir etilishi mumkin. Agar aybdor jabrlanuvchilar yoki boshqa shaxslar ko’z o’ngida Talonchilik qilayotganligini va ular aybdorning harakatlari xususiyatini tushunayotganligini bila turib, Talonchilikni amalga oshirsa, u oshkora deb hisoblanadi. Agar talon-toroj qilinganligini odamlar sezmasalar yoxud buyum olinganligi faktini ko’ra turib, uni qonuniy hisoblasalar va aybdor ham shunga umid qilgan bo’lsa, u holda Talonchilikni oshkora deb tan olinishi mumkin emas. Yashirin ravishda boshlangan talontoroj ba’zan o’zgalar mulkini ochikdanochiq egallashga aylanib ketadi. Bunday hollar, mulkni egallash jarayonida jinoyatchini sezib qolishganida, lekin jinoyatchi buni tan olmay o’z harakatlarini davom ettirib, mulkni oshkora egallab olganda sodir bo’ladi. Talonchilik mulkdorga mulkiy zarar yetkazishdek ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqaradi. Mulkni amalda egallab olish, ya’ni jinoyatchida talon-toroj qilingan narsadan foydalanish imkoniyati paydo bo’lishi vaqtidan boshlab bu jinoyat tugallangan hisoblanadi. Talonchilik uchun O’zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasida javobgarlik masalasi berilgan. Bunda Talonchilikning kvalifikatsiya tarkibi sog’liq va hayot uchun xavfli bo’lmagan zo’rlik ishlatish, yoxud shunday zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish kabi o’ziga xos belgini o’z ichiga oladi. Xuddi jismoniy zo’rlik kabi, jismoniy zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish orqali ruhiy zo’rlik ham Talonchilikning kvalifikatsiya belgisi hisoblanadi. Talonchilikda zo’rlik mulkdorga, shuningdek, Real holda yoki aybdorning fikricha, talontorojga to’sqinlik qiluvchi boshqa shaxslarga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Insonga nisbatan zo’rlik ishlatish yoki zo’rlik ishlatish bilan qo’rqitish Talonchilik turining mohiyatini o’zgartiradi. Bunday hollarda jinoyat 2 ob’yektli bo’lib qoladi: mulk munosabatlari bilan birga sog’liq, shaxsiy erkinlikni va badan daxlsizligini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarga zarar yetadi yoki ularga bevosita xavf tug’iladi. Mirzayusuf Rustamboyev.