«TARAQQIY»

«TARAQQIY» — jadidlar gazetasi. 1906 yil 14(27) iyundan Toshkentda chop etilgan. Noshiri va muharriri — Ismoil Obiliy. «Taraqqiy» tom ma’nodagi ilk milliy nashr hisoblanadi. Uning saxifalarida chor Rossiyasining Turkistonda olib borayotgan mustamlakachilik siyosatini dadillik bilan fosh qilishga bag’ishlangan maqolalar, xabarlar va ma’lumotlar bosilgan. «Taraqqiy»da bosilgan feleton va boshqa materiallarda tanqidiy yo’nalish, fosh qilish ruhi kuchli bo’lgani uchun u o’sha davrning eng ommaviy nashriga aylangan va jamoatchilik fikriga katta ta’sir ko’rsatgan. Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo’ja Behbudiy, So’fizoda, Nozimaxonim, Bahrombek Davlatbekov, Shokir Muxtoriy, Zarif Xoliqiy va boshqalarning ommaga milliy ozodlik, taraqqiyot g’oyalarini targ’ib va tashviq qiluvchi asarlari «Taraqqiy» sahifalarida chop etib turilgan. «Taraqqiy» tutgan yo’l, gaz.ning maslagi va maqsadi, unda chop etilgan asarlardagi o’tkir tanqidiy ruh mustamlakachi ma’murlarga ma’qul kelmagan. 19 soni chiqqanidan so’ng «Taraqqiy» yopib qo’yilgan. Muharriri qamoqqa olinib, gazetasining mol-mulki musodara qilingan. «Taraqqiy»ning ilk soni chiqqan 27 iyun 1993 yildan buyon mamlakatimizda «matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni» sifatida nishonlanadi. Ad.:Jalolov A.,O’zganboev H., O’zbek ma’rifatparvarlik adabiyotining taraqqiyotida vaqtli matbuotningo’rni, T., 1993; Pidaev T., Matbuot — millat chirog’i, T., 1999; Abduazizova N., Turkiston matbuoti tarixi (1870-1917), T., 2000.