TARAQQIYOT
TARAQQIYOT — rivojlanishning oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga yo’nalgan shakli, uning yuksalishi. Adabiyotlarda Taraqqiyotni ko’pincha rivojlanish bilan aynanlashtirib ko’yishadi, aslida u rivojlanishning bir yo’nalishidir. Shuningdek, Taraqqiyotni ayrim adabiyotlarda faqat jamiyatdagi rivojlanish ma’nosida qo’llashadi, bu ham bir yoqlama yondashuvdir. Taraqqiyot falsafiy adabiyotlarda progressiv rivojlanish tarzida qo’llaniladi. Odatda rivojlanishning 2 muhim yo’nalishi bo’lib, biri Taraqqiyot (progressiv rivojlanish), ikkinchisi inqiroz (regressiv rivojlanish) deyiladi. Taraqqiyotni fakatgina jamiyatga ko’llashning xatosi shundaki, jamiyatdan tashqaridagi sistemalarda ham yuksalish ro’y beradi. Masalan, muayyan tirik organizmlarning Taraqqiyoti, bemordagi kasallikning Taraqqiyoti, kimyoviy jarayonning Taraqqiyoti va boshqalar. Taraqqiyot nisbiydir. Rivojlanish bir sistema uchun Taraqqiyot, boshqa sistema uchun regress bo’lishi mumkin. Masalan, kasallikning rivojlanishi, kasallikni vujudga keltiruvchi viruslar uchun Taraqqiyot bo’lsa, bemor organizmi uchun inqiroz (regress)dir. Har qanday sistema o’zining rivojlanishi mobaynida Taraqqiyotni ham, inqirozni ham boshidan kechiradi. Sistemaning ravnaq topishi Taraqqiyotni anglatsa, uning yemirilishi esa inqirozni anglatadi. Taraqqiyot jonsiz, anorganik tabiatga xam, jonli, organik tabiatga ham, jamiyatga, inson tafakkuriga, ruhiyatiga ham xos bo’lgan tabiiy va zaruriy jarayondir. Taraqqiyot mikro makro megadunyoda ham sodir bo’ladi. Taraqqiyot tufayli olamda mukammallashish, yuksalish ro’y beradi, u vujudga kelish, murakkablashish, ulg’ayish, yangilanish, tiklanish, Sistema yasalish jarayonlari tarzida amalga oshadi. Taraqqiyot yaxlit jarayondir. Baxtiyor To’rayev.