TARIX FALSAFASI
TARIX FALSAFASI – tarixni falsafiy sharxlash va baholash. «Tarix falsafasi” atamasi antik davr falsafasi va tarixnavisligida namoyon bo’lsada, uni fanga M.F.Volter kiritgan deb hisoblanadi. Tarix falsafasining quyidagi yo’nalishlari bor: teologik (ilohiyot) Tarix falsafasi — Xudoning irodasini tarixni harakatga keltiruvchi kuch deb qisoblaydi; metafizik Tarix falsafasi — hech qanday chegaralar va doiralar bilan cheklanmaydigan, turli shakl va ko’rinishga kiradigan tushunchalar tizimini Tarix falsafasi deb biladi; idealistik Tarix falsafasi — unda g’oyalar, insonning axloqiy tushunchalari, ma’naviy-ruhiy kechinmalari asosida tarixga munosabat bildiriladi; naturalistik Tarix falsafasi uchun inson hissiyoti va tuyg’usi orqali olamni anglash, o’tmishga nazar solish va uni baholash asosiy mezondir; materialistik Tarix falsafasi — unda iqtisodiy omillarga katta e’tibor beriladi; tarixni yo’naltiruvchi kuch sifatida moddiy ehtiyoj va iktisodiy zaruriyat asos qilib olinadi. Tarixda shaxsning roliga qanday baho berilishiga qarab, alohida shaxsni ustun qo’yib yoki jamoani birinchi qo’yib fikr yuritadigan Tarix falsafasi ham mavjud. Tarix falsafasida, shuningdek, tarix fani tushunchasi, qonuniyatlari, tarixiy jarayon va inson, inson mohiyati, fe’l-atvori, xatti-harakati, manfaati talqin etiladi. Tarix falsafasi ildizlari antik davr allomalari Gerodot va Fukididning tarixiy harakatga doir qarashlariga borib taqaladi. U Polibiy, Posidoniy, Plutarx qarashlarida nisbatan shakllandi. Avgustin esa ilohiy davlat tarixi falsafasini yaratdi va keyingi ming yillarda tarixiy tafakkurning shakllanishiga kuchli ta’sir ko’rsatdi. 18-asrga kelib Tarix falsafasining yo’nalishlari tubdan o’zgardi. Tarixiy taraqqiyotda insonning ta’siri, o’rni va roli, tarixga inson qalbi, ichki dunyosi, ma’naviy-ruhiy olami mahsuli sifatida qarash tamoyillari shakllandi. Biroq, bunda ham turlicha yondoshishlar mavjud edi. Chunonchi, Leybnis tarixda metafizik kuchlar va g’oyalar ustuvor deb tushunsa, Gegel butun voqelikni tarix deb hisoblab, unda dunyoviy aklni ustun qo’yadi. 19-20-asrlarda tarixni anglashda mavhum mantiq va tarixni bilish nazariyasi bilan bir katorda A. Shopengauer, Ya. Burkxardt, O.Shpengler tarixni tushkunlik orqali anglash, A.Toynbi optimizm, marksizm asoschilari esa tarixiy materializm g’oyalarini ilgari surdi. Sharqda «Tarix falsafasi» tushunchasi o’ziga xos jihatlarga ega. Forobiy qarashlariga ko’ra, jamiyat taraqqiyotini ilohiy qonunlar boshqaradi. U Aristotelning jamiyat rivojlanishi haqidagi ta’limotini o’z xulosalari bilan boyitdi. Beruniy esa tarixiy taraqqiyot bosqichlarini tabiat, astrologiya, astronomiya, kecha va kunduz, fasllar almashinuvi orqali o’rgandi. U «Hindiston», «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarlarida insoniyat tarixiga falsafiy nuqtai nazardan yondoshadi, tarixni anglash, idrok etishda butunlay yangicha qarashlarni o’rtaga tashlaydi. Beruniy dunyo tarixshunosligida asotirlar, afsonalar va rivoyatlardan ilmiy bilish hamda dunyoviy ta’limotga o’tishda muhim hissa qo’shdi. Sharq Tarix falsafasi bir necha yo’nalishda ko’zga tashlanib, voqealar tahlili ibratli hikoyalar, pand-nasihatlar, yuksak axloqiy me’yorlar bilan mushtarak holda olib boriladi. Ayrim hollarda tarixga geografik-hududiy jihatdan yondoshiladi. Sayohatnomalar orqali jamiyat tarixi yaratiladi, podshoxlarning boshqaruv usuli, siyosati, uning mohiyati ochib beriladi. Ad.: Toynbi A., Postijenie istorii, M., 1991; Jo’raev N., Tarix falsafasi, T., 1999. Narzulla Jo’raev.