TARJI’BAND
TARJI’BAND (Arabcha — qaytarish, takrorlash; band) — mumtoz adabiyotda lirika janrlaridan. Tarji’band g’azal kabi qofiyalanib, 5 baytdan 12 baytgacha bo’ladi, har bandi bir vaznda yozilib, bandlar oxirida boshqa bir bayt takrorlanib keladi. Bandlar takrorlanuvchi bayt — tarji’ vositasida o’zaro bog’lanishi tufayli Tarji’band deb yuritiladi. Barcha bandlarning oxiri o’sha takrorlanadigan bayt bilan mazmun jihatidan uzviy boitanib keladi. Tarji’bandda takrorlanadigan ushbu bayt bayt boshi deb aytiladi. Shayx Axmad ibn Xudoydod Taroziy «Funun ulbalog’a» asarida Tarji’bandni 5 turga ajratadi: 1) har bandning qofiyasi boshqacha bo’ladi, lekin bayt takrori saqlanadi; 2) barcha bandlar bir qofiyada aytilib, tarji’bayti takrorlanmaydi, balki har bandning oxirida boshqa bir bayt keladi; 3) barcha bandlar, jumladan tarji’baytlar ham bir qofiyada yoziladi; 4) har bir band alohida, shuningdek, tarji’baytlar ham g’azal kabi qofiyalanadi (1-misrasida qofiya bo’lmaydi) va ularni jam etsa, yaxlit g’azal ko’rinishini oladi; 5) har bir bandning ham, tarji’ baytning ham qofiyasi alohidaalohida bo’ladi. Tarji’bandda shoirlar ko’pincha falsafiy qarashlari, fikr-mulohazalarini ifodalashgan. Bu jihatdan Sa’diy, Hofiz, Navoiy va Furqatlarning tasavvufiy mazmundagi Tarji’bandlari mashhur. Masalan, Navoiy: Xarobot aro kirdim oshuftahol May istarga — ilgimda singan safol.— bayti takrorlanib keladigan mashhur Tarji’bandida o’zining olam va odam to’g’risidagi falsafiy qarashlarini tasavvuf ta’limoti bilan bog’lab aks ettiradi. O’zbek adabiyotida Tarji’band janrining dastlabki mukammal namunalarini Navoiy yaratgan. «Xazoyin ulmaoniy»da 4 ta Tarji’band mavjud bo’lib, ularning ikkitasi 10 band (biri 10, ikkinchisi 11 baytdan), uchinchisi 8[11 (ikki band 12) baytdan], to’rtinchisi 7 (8 baytdan) ni tashkil etadi. Ularning barchasi falsafiy mazmunda. O’zbek adabiyotida, shuningdek, Yusuf Amiriy, Nodira, Ogahiy, Avaz, Uvaysiy, Ravnaq, Furqat, Miriy va boshqalar Tarji’bandlar yozishgan. Zamonaviy shoirlardan Habibiy, V. Sa’dulla, Chustiylar Tarji’band yaratishgan. Lekin bu Tarji’bandlarda mehnat nashidasi, Vatanga va yorga muhabbat tuygulari tarannum etilgan. Ad.:Ayniy S, asarlar, 8j., T., 1967; Adabiy turlar va janrlar, 2j., 1992. Ergash Ochilov.