TAROQLILAR

TAROQLILAR (Ctenophora) — dengiz umurtqasizlari tipi. Tanasi shaffof, dildiroq, oval, tuxumsimon, cho’ziq tsilindrsimon yoki boshqa shaklda. Tanasining bir uchida og’iz teshigi, 2-uchida muvozanat organi (statosist) joylashgan. Tana devori bo’shliqichlilar singari ektoderma va entodermadan iborat. Ektoderma bilan entoderma oralig’ida dildiroq mezogliy (strukturasiz qavat) bo’ladi. Umumiy tuzilishi radial simmetriyaga mos keladi. Og’iz teshigi halqumga ochiladi; halqum oshqozon bilan bog’langan. Oshqozondan radial naylar tarqalgan. Bu naylar Taroqlilar tanasi chetiga kelib tana bo’ylab joylashgan 8 qator meridional naylarga ulanib ketadi. Meridional naylar bo’ylab qarakat organlari — 8 qator taroqsimon plastinkalar joylashgan. Har bir taroqsimon plastinka qator bo’lib bir-biriga yopishgan kiprikchalardan iborat. Taroqlilar germafrodit. Tuxumdan kiprikli lichinka chiqadi. 1 sinf (taroklilar) 2 ta kenja sinf (paypaslagichlilar va paypaslagichsizlar)ni o’z ichiga oladi. 100 ga yaqin turi ma’lum. Barcha dengizlarda uchraydi; erkin suzib yuruvchi, dengiz tubida o’rmalovchi yoki o’troq yashovchi hayvonlar. Asosan, plankton, ba’zan baliqlar uvildirig’i va chavoqlari bilan oziqlanadi. O’ljasini og’zi yoki uzun paypaslagichlari bilan yopishtirib oladi. Taroqlilar treskasi mon baliklar uchun oziq. Keng tarqalgan turi beroyo boshqa Taroqlilarni yeydi.