Tarqoq elementlar

Tarqoq elementlar – tabiatda, asosan, yo’ldosh elementlar sifatida turli minerallarda uchraydigan va boshqa metall rudalaridan yoki foydali qazilmalar (ko’mir, tuz, fosforit va boshqalar)dan yo’l-yo’lakay ajratib olinadigan kimyoviy elementlar (rubidiy, kadmiy, tseziy, galliy, indiy, talliy, germaniy, gafniy, vanadiy, selen, tellur, reniy) guruhi. Tarqoq elementlar tabiatda juda kam uchraydi. Tarqoq elementlar boshqa minerallar tarkibida quyidagi: «yetakchi» elementining izomorf o’rin almashinishi (masalan, gafniy, tsirkonli minerallarda); faqat mikrozond lash yordamida aniklanishi mumkin bo’lgan mikrominerallar (masalan, piritdagi telluridlar); «tuproqsimon» amorf minerallar yuzasiga shimilgan sorblashgan qo’shimchalar (masalan, montmorillonitdagi vanadiy, limonitdagi selen); metalloorganik birikmalar (masalan, ko’mirlarda) hosil bo’lishi; kristall panjaralarning nuqsonlarida Tarqoq elementlarning joylashishi shakllarida uchrashi mumkin. Tarqoq elementlar Yer po’stida nisbatan ko’proq mikdorda uchraganda ham, odatda, mustaqil minerallar hosil qilmaydi. Faqat ma’lum hollardagina Tarqoq elementlar (Sc, Tl, Ge, V, Se, Te, va Cd) o’z minerallarini hosil qilishi mumkin. Ularning boshqa elementlar orasida tarqoqdigi yoki o’z minerallarining vujudga kelishi tabiiy jarayonlarda Tarqoq elementlar kontsentrasiyalarining o’zaro nisbati va ularning keng tarqalgan geokimyoviy analoglari bilan aniqlanadi. Masalan, kadmiy tsinkning geokimyoviy analogi bo’lib, chuqur zonalarda doim tsink minerallari orasida tarqaladi va ulardan ajratib olinadi, ammo oksidlanish zonasida Cd va Zn ning bo’linishi sodir bo’ladi. Bunda Zn chiqib ketib, Cd esa o’z birikmalari shaklida yig’iladi (monteponid CdO, (grikonit CdS, otavit CdCO3, selenid CdSe). O’rta Osiyoda Tarqoq elementlarning yuqori birikmali rudalari (reniy, indiy, germaniy, tellur, nodir yer elementlari va boshqalar) uchraydi.