Ta’sir va aks ta’sir qonuni

Ta’sir va aks ta’sir qonuni, Nyutonning uchinchi qonuni — mexanikaning asosiy qonunlaridan biri. Nyutonning ta’rifiga ko’ra, ta’sirga doim teng va qarama qarshi yo’nalgan aks ta’sir bor, boshqacha aytganda, ikki jismning bir-biriga ta’siri o’zaro teng va qarama-qarshi tomonlarga yo’nalgan. Bu ta’rifda «ta’sirga» beixtiyor asosiy o’rin, «aks ta’sirga» esa ikkinchi darajali o’rin ajratiladi. Shuning uchun Ta’sir va aks ta’sir qonuni quyidagicha ta’riflangani ma’qul: ikki jismning bir-biriga har qanday ta’siri o’zaro ta’sir xarakteriga ega bo’lib, ularning bir-biriga ko’rsatayotgan ta’sir kuchlari har doim kattalik jihatdan teng va yo’nalishi qarama-qarshidir. Ta’sir va aks ta’sir qonuni kichkina o’lchamli elementar zarralar va tezligi yorug’lik tezligiga yaqin harakatlar uchun o’rinli emas.