Taspar

Taspar (Xitoy manbalarida Tobo xoqon, asli turkiy ismi Arslon) (?— 581) — turk xoqonlaridan biri (572— 581). Bumin xoqonning o’g’li. Taspar akasi Mug’on xoqonning vafotidan so’ng taxtga chiqqan. Taspar davrida Turk xoqonligining kuch qudrati eng yuqori pog’onaga ko’tarilgan. Davlat chegaralari g’arbda Qora dengizdan Sharqda Manjuriyagacha, shimolda Yenisey daryosidan Janubda Amudaryogacha kengaygan. Taspar xoqon buddaviylik diniga homiylik qilgan va o’zi ham shu dinni qabul qilgan. Buddaviylik rohibi Chinagupta o’n yil (574-584) o’zining dindoshlari bilan xoqon qarorgohida yashagan va targ’ibot ishlarini olib borgan. Turk tiliga buddaviylikning ba’zi sutralari tarjima qilingan, xoqon qarorgohida esa bir nechta ibodatxona va monastirlar qurilgan. Uning davrida turk va sug’d tillari davlat tili vazifasini o’tagan. Tasparning vafotidan so’ng Turk xoqonligida o’zaro urush-janjallar boshlanib ketgan va natijada, 603 yilda bu ulkan davlat 2 qismga bo’linib ketgan. Ad.: Gumilev L.N., Drevnie tyurki, M., 1967; Istoriya Vostoka, t.2, M., 1995.