Tasviriy san’at

Tasviriy san’at – rangtasvir, haykaltaroshlik, grafikani birlashtirgan nafis san’at turi; voqelikni uning osongina ilg’ab olinadigan fazoviy shakllarda ko’rgazmali obrazlarda aks ettiradi. Tasviriy san’at turlari o’z xususiyatlariga qarab Real borlikni ob’yektiv mavjud sifatlari — hajm, rang, fazo, shuningdek, predmetning moddiy shakli va nurhavo muhiti, harakat va o’zgarishlari xissini yaratadi, bunda tasvirning hissiy konkretliligidan illyuzionizmga. o’tish mumkin. Tasviriy san’at faqat ko’rish mumkin bo’lgan narsalarnigina tasvirlab qolmay, balki asarlarida hodisalarning vaqtinchalik rivoji, uning u yoki bu qismi (fabula), erkin hikoyanavislik, dinamik harakatlarni ham aks ettirib, dunyoni g’oyaviy o’zlashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Tasviriy san’at insonning ruhiy kiyofasini, uning o’zgalar bilan o’zaro munosabatlarini, tasviriy holatning psixologik va emosional mazmunini ham yoritadi. Ba’zan mavjud bo’lmagan, rassom tasavvurining mahsuli bo’lgan obrazlarni ham yuzaga keltiradi. Insoniyat tarixidagi turli davrlarni aks ettiradi. Davrning faqat hissiy holatigina emas, balki uning g’oyaviy mohiyati, siyosiy, falsafiy, estetik va etik g’oyalari ham Tasviriy san’atning mazmuniga aylanadi. Tasviriy san’at obrazlarining ko’rgazmaliligi rassomga hayotning muayyan hodisasiga o’z munosabatini yuksak darajada ifodalashiga imkon beradi; shu tufayli hayotni bilishning faol shakli sifatida jamiyatning ijtimoiy hayotida, ma’lum tizimning ommaviy ongini qaror topishida muxim rol o’ynaydi. Olamni bilishning shakllaridan biri sifatida ijtimoiy ongni shakllantiradi hamda xalq orzuumidlarini ifodalash shakli sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy sharoitda umumg’oyaviy kurashlarning bir bo’lagi sifatida namoyon bo’ladi. Insoniyatning mehnat faoliyati, e’tiqodlari, diniy qarashlari zaminida Tasviriy san’at paydo bo’lgan va rivojlangan. Qadimgi tosh asrining ilk bosqichidayoq inson o’z ehtiyoji uchun zarur bo’lgan buyumlarni yaratish, libos, turar joylar tayyorlash jarayonida qulaylik, maqsadga muvofiqlik tushunchalari rivojlanib, ritm, simmetriya hissi ortdi. Marxumlar bilan vidolashuv, dafn marosimlarida marxumlar qabriga turli buyumlar ko’yish odatlarida Tasviriy san’atning fazoviy fikr yuritish, fazoviylik, kenglik, olam tushuncha va tasavvurlari shakllanib bordi. Tosh, suyak, keyinchalik sopoldan ishlangan turli shakl va haykallarda, qoyatoshlarga, g’or devorlariga chizilgan, rangda ishlangan rasmlarda ibtidoiy insonning mehnat faoliyati, dunyo, borliq haqidagi o’y-hayollari, o’zga dunyo to’g’risidagi tasavvurlari mujassamlashgan. Ijtimoiy jamoa tuzumining inqirozi hamda mehnat taqsimotining yuzaga kelishi, aqliy mehnat jismoniy mehnatdan ajralishi Tasviriy san’at rivojida muhim o’rinni egallaydi. Tasviriy san’at inson faoliyatining ma’lum sohasiga aylanib davr ruhiyati, uning siyosiy, ma’naviy va nihoyat estetik qarashlarini aks ettiruvchi manbaga aylandi. Qadimgi Sharq mamlakatlarida, jumladan qadimgi Misrda Tasviriy san’at insonning dunyo, borliq to’g’risidagi tushuncha va tasavvurlarini, xudolar darajasiga ko’tarilgan fir’avnlarni ulug’lash quroliga aylandi. Yunonistonda Tasviriy san’at jamiyatning erkin fuqarosiga qaratilgan va antik mifologiyaning g’oyalarini plastik moddiylashtirilgan ko’rinishida kamol topdi, qadimgi Rim realizmida murakkab inson jismi namoyon bo’ddi. Insoniyat tsivilizasiyasining muhim o’choqlaridan hisoblangan O’rta Osiyo, uning ajralmas qismi O’zbekiston hududida ham Tasviriy san’at ijtimoiy hayotda muhim o’rin egallab, davr hamda inson tafakkuridagi nozik o’zgarishlarni o’zida aks ettiradi. Zarautsoy rasmlari, Xorazm, Sug’d, Baqtriya mahobatli haykal va rangtasvirlari shuning dalilidir. O’rta asrlar Tasviriy san’ati uslub jihatidan rang-barang, turlari keng va xilma-xil, bu davrda mahobatli haykaltaroshlikning nodir namunalari yuzaga keldi. Hindiston, Indoneziya, Hindixitoy o’lkalarida betakror haykaltaroshlik asarlari yaratildi. O’rta Sharq mamlakatlarida miniatyuraning o’ziga xos turi yaratilgan bo’lsa, O’rta asr Yevropa madaniyatida haykaltaroshlik va rassomlik diniy e’tiqod va dunyoqarashlar zaminida o’ziga xos yo’nalish va, mazmun kashf etdi, ikona san’ati ravnaq topdi. Roman uslubi va gotikada barpo etilgan me’moriy obidalarda san’atlar sintezining ajoyib namunalari yaratildi. 13-16-asrlar Tasviriy san’atida dunyoviy mavzu va qarashlarning kuchayib borishi tasvirlarda borlikda mavjud shakl va ko’rinishlarning ortishi bilan belgilanadi. Shu harakat va taraqqiyotda Tasviriy san’atning qonun-qoidalarini ilmiy asosda o’rganishga qiziqish ortdi. Optika, anatomiya, perspektiva, nursoya nazariyasiga oid muhim tadqiqotlar qilindi. Moybo’yoq texnikasi mukammallashdi, ijodkorlar antik san’at an’analariga tayangan holda Uyg’onish davri insonparvarlik g’oyalarini moddiylashtirishga harakat qildilar. 17-19-asrlarda Tasviriy san’at uslub jihatidan rangbarang, milliy mahalliy maktablar rivoji bilan san’at olamining kengayishi boshlandi. Bu davrda, ayniqsa, monumental san’at o’zining haqiqiy gullash davrini boshidan kechirdi, rassomlar, me’morlar, haykaltaroshlar, hunarmandlar san’atlar sintezining ajoyib namunalarini yaratdilar. Bu yutuqlarda rassom va haykaltaroshlarning o’rni alohida. Tasviriy san’at tur va janrlari ko’paydi, realistik yo’nalishdagi janrlar (portret, manzara, natyurmort, maishiy janr) etakchi o’ringa chiqa boshladi. Uyg’onish davri Tasviriy san’atiga xos bo’lgan vazminlik, chiziq, rang, faktura mutanosibligi o’rnini jo’shqin shakl va ranglar o’yini egallab bezakdorlik xususiyatlarining ortishi kabilar kuzatiladi. 17-asrdan Tasviriy san’atda klassisizm yo’nalishi hukm surgani holda borliqni o’ziga o’xshash shakllarda aks ettiruvchi asarlar yaratilishi ortib bordi. Akademik ta’lim tizimining yo’lga qo’yilishi prof. san’at maktablarining taraqqiyotini ta’minladi. Mumtoz (klassik) realistik (akademik) san’at uslublaridan chekinish, noan’anaviy uslublar izlashga intilish boshlandi. Bu hol impressionizm, postimpressionizm va boshqa uslublarning shakllanishi va rivojlanishida o’z ifodasini topdi. 20-asr Tasviriy san’ati murakkab va ziddiyatli. Bir tomonda klassik realistik san’atning talab va uslublari saqlangani holda uni ifodaviyligiga e’tibor qaratilishida, ishlangan har bir obrazni chuqur majoziy mazmunlar bilan to’ldirishga intilish kuzatilsa, aksincha noan’anaviy Tasviriy san’at uslubida yangi ifoda va tasvir vositalarini topishga, butunlay yangicha san’at yaratishga intilish xarakati kuchliligi namoyon bo’lmoqda. O’zbekiston Tasviriy san’ati jahon hamjamiyatida sodir bo’layotgan jarayonlar bilan hamnafas bo’lib, har bir ijodkor o’z qarash va kechinmalarini yangicha uslub va shakllarda ifoda etishga intilishi bilan xarakterlanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tashabbusi bilan Toshkent shahrida O’zbekiston tasviriy san’ati galereyasi barpo etilib 2004 yil avgust oyida ochildi. Ne’mat Abdullayev.