Temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilishi

Amir Temur faoliyatini jahon uzra taratishda, qadr-qimmati va xotirasini yanada yuqori pog’onaga ko’tarishda Temuriylar tarixi Davlat muzeyining qurilishi katta ahamiyat kasb etdi. Go’zallikda tengi yo’ng muzeyning shon-shuhrati olam uzra taraldi.

1996 yil 18 oktabrda Yurtboshimiz Islom Karimov muzeyning ochilishida Sohibqironning faoliyatini quyidagi tarzda juda yuqori baholadi:

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Qadrli oqsoqollar, muhtaram ulamolar!

Bugungi muborak juma tongida Alloh taolo barchamizni yana bir xayrli kunga yetkazdi. Sohibqiron bobomiz – hazrati Amir Temur ruhini shod qilib, u zot tavalludining tabarruk 660 yilligini nishonlamoqdamiz.

Biz bugun muqaddas islom dinimiz buyurgan bir farzni – o’tgan ajdodlarimizning ruhlarini xotirlash va shod etishdek ezgu burchimizni ado etmoqdamiz.

Muazzam poytaxtimiz Toshkent markazida ulug’ Amir Temur nomi bilan ataluvchi go’zal hiyobonda yana bir tarixiy voqeaning guvohi bo’lib turibmiz. Sohibqiron bobomiz va uning shavkatli avlodlariga bag’ishlab bunyod etilgan muhtasham koshonaning ochilishi marosimida qatnashmoqdamiz. Bugungi marosim ota-bobolarimizdan qolgan qadimiy odatlarga binoan xatmi Qur’on bilan boshlandi, yurtga osh tarqatilib duoi takbirlar qilindi.

Ko’pning duosi – ko’l, degan naql bor xalqimizda. Umid qilamizki, shu qutlug’ ayyomda pokiza niyat bilan qilgan xayrli amallarimiz, olijanob tilaklarimiz Tangimiz dargohida qabul bo’lg’usidir.

Chunki ulug’ bobolarmizning ruhlarini shod etsak, ularning arvohlarini rozi qilsak, yurtimizga fayz, qut-baraka yog’iladi, xalqimizning rizqi butun, iymoni mustahkam bo’lg’ay, inshoolloh.

Xalqimiz tarixida insoniy kamoloti va ijtimoiy faoliyati bilan dovruq qozongan, millatimiz faxri bo’lmish zotlar benihoya ko’p. Ammo ular qatorida yulduzlar aro quyoshdek charaqlab turgan bir buyuk zot borki, u Vatanimiz kechmishi, buguni va ertasida behad yuksak o’rin tutadi.

Ul muhtaram inson Sohibqiron Amir Temur hazratlaridir. Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi. Istiqlolimizning har bir tadbirida, mustaqil davlatimizning har bir qadamida ul buyuk zot ruhi bizga hamrohu nafas bo’lib bormoqda.

Buyuk shaxslarni tarix yaratadi, deydilar. Bunga qo’shimcha qilib Sohibqiron bobomizning suronli hayotini xayol ko’zgusidan o’tkazib, buyuk shaxslarni millat qayg’usi, xalq dardi yaratadi, deyish mumkin.

Umrining mazmunini “Millatning dardlariga darmon bo’lishdan iborat” deb bilgan Amir Temur xalqimizning ana shunday ardoqli, ulug’ farzandidir.

Muhtaram jamoat!

Hammamiz yaxshi bilamizki, tarixda mashhur jahongirlar ko’p o’tgan. Lekin ayting, dunyoning qaysi yerida, qaysi zamonda Amir Temurdek buyuk sarkarda, Amir Temurdek buyuk davlat arbobi, Amir Temurdek ilm-fan, ma’naviyat va ruhoniyat homiysi bo’lgan?!

Bugun – hayotimizning barcha jabhalarida adolat va haqiqat qaror topayotgan tarixiy davrda shu fikrni alohida ta’kidlarshni istar edim:

Amir Temur bizning sha’n-shavkatimiz, g’urur-iftixorimizdir.

Amir Temur – xalqimiz dahosining timsoli, ma’naviy qudratimiz ramzidir.

Aziz do’stlar!

Biz hazrati Temurni bunyodkor deb boshimizga ko’taramiz. Ro’yi zaminning sayqali bo’lmish Samarqandda, Shahrisabz, Buxoro, Toshkent va Sohibqiron qurgan bepoyon saltanatning boshqa hududlarida bunyod etilgan nodir me’moriy obidalar, tengsiz bog’u-rog’lar Temurbek bobomizga xos amaliy shijoat samarasidir.

U benazir zotning o’smirlik yillari mo’g’ul istibdodi avjiga chiqqan yillarga to’g’ri keldi. Bu paytda Movarounnahrday gullab-yashnagan poydor yurt tarixiy nomini ham yo’qotib, mustamlaka o’lkasiga, chig’atoy ulusiga aylanib qolgan edi. Masjidi madrasalar, kutubxonalar vayron qilingan, sug’orish inshootlari ishdan chiqqan, son-sanoqsiz soliqlar, kelgindi va mahalliy amaldorlarning jabr-zulmi xalqning sillasini quritgan edi.

Bu kabi cheksiz adolatsizlikdan yosh Temurbekning qanchalar iztirob chekkanini bizning avlodimiz – siz bilan biz ayniqsa chuqur his etamiz. Chunki oradan 6 asr o’tib, xuddi shunday ko’rgiliklar bizning ham boshimizga tushdi.

Shavkatli ajdodimizning o’lmas xizmatlari shundaki, u murakkab tarixiy sharoitda xalqning boshini qovushtira bildi. Istilochilarga qaqshatqich zarba berib, Turkiston zaminida ilk bor istiqlol bayrog’ini baland ko’tardi. Parokanda mamlakatlar, ellar, elatlarni birlashtirib, markazlashgan qudratli saltanat tuzdi.

Adolat kuchda emas, kuch adolatdadir, degan shior Amir Temur saltanatining barcha hududlarida birday amal qilib, axloqiy-ma’naviy mezonga aylandi.

Yigirma asrdan ortiq tarixga ega bo’lgan Toshkent Amir Temurning muqaddas qadamjonlaridan biridir. Jannatmakon bobomiz qadim Shoshga alohida e’tibor bilan qaragan. Shu zaminda o’tgan Shayx Zayniddin bobo, Zangiota singari ko’plab mo’tabar zotlarning maqbaralarini obod qilib, ularning ruhlarini shod etgan.

Olti yuz yildan so’ng biz – Amir Temurning bugungi vorislari Sohibqironning tabarruk nomlarini tiklash, ruhi poklarini shod etishdek savobli va sharafli ishga qo’l urib, shahri azim Toshkentning qoq markazida bobo-kalonimizga haykal o’rnatdik.

Bugun zo’r shodiyona bilan ochilayotgan Temuriylar tarixi Davlat muzeyi Sohibqiron shaxsiyatiga nisbatan yurtimizda tarixiy adolat tantana qilganining yana bir amaliy isbotidir.

Aytish mumkinki, Amir Temur xiyoboni go’zal bir uzuk bo’lsa, bu muzey shu uzukning yoqut ko’zidir.

Muzeyni ziyorat qilgan har bir inson mening bu so’zlarim shoirona tashbeh yoki mubolag’a emasligiga ishonch hosil qiladi. Bu muzeyda bizning o’tmishimiz ham, bugungi kunimiz va buyuk istiqbolimiz ham bamisoli ko’zguda aks etgandek namoyon bo’ladi.

Kimki o’zbek nomi, o’zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo’shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo’lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak.

Aziz yurtdoshlarim!

Fursatdan foydalanib, barchamizning nomimizdan, el-yurtimiz nomidan shu oliy imoratni bunyod etishda jonbozlik ko’rsatgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Qadrli vatandoshlar!

Amir Temurning bashariyat oldidagi o’lmas xizmatlarini ma’rifatli jahon munosib baholab kelmoqda. Sohibqiron yubileyining YUNESKO tomonidan xalqaro miqyosda keng nishonlanayotgani ana shu e’tirofning yorqin dalilidir.

Shunday quvonchli va hayajonli damlarda Amir Temurdek buyuk zot mansub bo’lgan millat farzandlari ekanimizni, tomirimizda Amir Temur shijoatli jo’sh urayotganini o’ylasak, anglasak, qalbimizni chinakam iftixor tuyg’ulari qamrab oladi.

Amir Temur hayotining mazmuni, betakror faoliyatining asosiy ma’nosi-Vatan ozodligi, Vatanga muhabbat degan oliy qadriyatlardan iboratdir.

Sohibqiron bobomizning ruhiyati istiqlol va hurlik, erkinlik g’oyalari bilan tabiiy va go’zal bir ravishda uyg’unlashib ketgan. U hatto umrining so’nggi onlarida ham zurriyotlariga qarata “Istiqlol bilan mulki millat, lashkar va raiyatni boshqaringiz” deb vasiyat qilgan.

Chuqurroq o’ylab qarasak, bu vasiyat aynan bizlar uchun-buyuk Sohibqironning bugungi avlodlari uchun aytilgan.

Hamisha el g’amini, yurt g’amini o’ylab yashagan Sohibqiron yovlar oyog’i ostida toptalgan o’lkani dunyoning eng qudratli saltanatiga aylantirgan edi. Kelinglar, aziz do’stlar, barchamiz yakdil bo’lib, halol mehnatimiz, aqlu zakovatimiz, Vatanga muhabbatimiz bilan O’zbekistonni jahon havas qiladigan buyuk davlatga aylantiraylik.! Bu yo’lda bobokalonimizning “Adolar va ozodlik – dasturingiz, rahbaringiz bo’lsin!” degan dono o’gitlari doimiy shiorimiz bo’lsin!

Muhtaram jamoat!

Bugungi marosim ham hademay tarix mulki bo’lib qoladi. Oradan yillar, asrlar o’tadi, ammo Xudoning marhamati bilan, adolat bilan tiklangan ulug’ ajdodlarimizning tabarruk nomlari abadiy yashaydi.

Shu bois mening iymonim komilki: Sohibqiron dahosi yo’lni yulduz kabi charaqlab, bizni doimo olijanoblik va bunyodkorlikka chorlaydi!

Bu dunyoda xalqimiz, millatimiz, O’zbekistonimiz bor ekan, Amir Temur nomi baryahot!

Ilohim, hazrati Amir Temur e’zozlagan g’oyalar – shijoatli va mardlik, adolat va qat’iyat har birimizga hamisha hamroh bo’lsin! Jahonga Amir Temurdek buyuk dahoni bergan xalq mangu yashasin, baxtu saodati ziyoda bo’lsin!

Barcha ezgu ishlarimizda Tangirimizning o’zida madadkor bo’lsin!