Temurov Rashid Mahmudovich
Temurov Rashid Mahmudovich (1912.18.1, Buxoro — 1991, Samarqand) — manzarachi rassom, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1968). Samarqand badiiy bilim yurtida (1932— 36), O’zbekiston rassomlar uyushmasining rassomlar malakasini oshirish kursida (1938-41) ta’lim olgan. Temurov yorqin ranglardan keng foydalanadi; rang surtmalari va shakllari yaxlit va yirik holda olinadi. Asarlarida O’zbekistonning go’zal tabiatini nozik bo’yoqlarda gavdalantiradi, mehnatkash xalqni, qadimgi shaharlarini asarlariga ko’chiradi: «Eski shahar» (1936), «Toshkent chekkasida» (1939), «kanal qurilishida» (1940), «Samarqand bog’lari» (1951), «Ulug’bek madrasasi. Bahor» (1957), «Bibixonim maydoni. Bahor» (1958), «gullagan daraxt» (1962), «tushki tanaffus» (1971), «Mening shaxrim» asarlar turkumi (1969— 80), «Samarqand syuitasi» (1982) va b. T.ning Samarqanddagi ustaxonasida muzey ustaxona ishlab turibdi.