TERRORIZM
TERRORIZM (lot. terror – qo’rqinch, dahshat) — siyosiy raqiblarni, muxoliflarni yo’qotish yoki qo’rqitish, aholi o’rtasida vahima va tartibsizliklar keltirib chiqarish maqsadidagi zo’ravonlik harakatlari (ta‘qib qilish, buzish, garovga olish, qotillik, portlatish va boshqalar). Terrorizm yakka tartibdagi va guruhli Terrorizm (masalan, ekstremistik siyosiy to’dalarning harakatlari kabi) toifalarga bo’linadi. Siyosatshunoslikda davlat Terrorizmi tushunchasi ham qo’llanadi (diktatorlik va totalitar rejimlarning repressiyalari). Terrorizm o’rta asrlardan boshlab barcha mintaqa va mamlakatlarda uchrab turgan. Lekin o’tgan asrning oxirlaridan uning yangi ko’rinishlari vujudga keldi (chet el davlatlari va hukumatlari rahbarlarini, ularning diplomatik vakillarini o’ldirish yoki o’g’irlash, elchixonalar, missiyalar, xalqaro tashkilotlarning binolarini portlatish, aeroportlar va vokzallarda portlashlar sodir etish, havo kemalarini olib qochish, odamlarni garovga olish va hokazo). Xalqaro Terrorizm keng tarqalib, Terrorizm oshkora siyosiy tus ola boshladi. Terrorchilar ayrim mamlakatlar hukumati va unga yaqin tuzilmalardan madad oladigan hollar yuzaga keldi.