Texnik diagnostika

Texnik diagnostika – mashinalar, qurilmalar, texnik tizimlar, ularning qismlari, elementlari va b.da nuqsonlar va buzilishlar mavjudligini ifodalovchi alomatlarni aniqlash va urganish. Mashinalar, qurilmalar va texnik tizimlarning risoladagi ish maromlari yoki holatlaridan muayyan darajadagi og’ishlarni oldindan bilish, oldini olish va bartaraf qilish maqsadida o’tkaziladi. T.D. nazorat qilinayotgan ob’ekt (mashina, qurilma, televizor va b.)ni tashqi ko’zdan kechirish, maxsus diagnostika apparatlari yoki diagnostika dasturlaridan foydalanish yo’li bilan amalga oshiriladi. Harakatlanuvchi ob’ektlar (avtomobillar, Motosikllar, traktorlar va b.) maxsus ustaxonalar yoki ta’mirlash korxonalaridagi diagnostika punktlarida, muqim (qo’zg’almas) ob’ektlar (stanoklar, texnik tizimlar va b.) turgan joyida T.D.dan o’tkaziladi. Nazorat qilinayotgan ob’ekt va uni tekshirish vositalari (apparatlari va b.) birgalikda diagnostika tizimini tashkil qiladi. Ular o’zaro ta’sirlashib, diagnostika algoritmini amalga oshiradi. Natijada ob’ektning texnik holati to’g’risidagi xulosa tuziladi (mas., «mashina buzuq emas», «stanok ishga yaroqsiz», «televizorda chastotalar detektori ishdan chiqqan» kabi xulosalar qayd qilinadi). T. D.ni amalga oshirish uchun ob’ektning matematik modeli (uning risoladagi va buzuq holatlari bayoni) ni tuzib olish usulidan ham foydalanish mumkin. Mas., shovqin bilan yoki titrab ishlovchi ob’ektlarni tekshirishda shovqin yoki titrash egri chiziqlari (akustik T.D. usu – li), mikroelektron texnologiya yoki payvandlash jarayonida ob’ektlarni rentgen nurlarida tasvirlash model vazifasini o’tashi mumkin. Diagnostika vositalarini apparatli, dasturli va dasturapparatli turlarga bo’lish mumkin. Hozir T.D.ning kompyuterli va raqamli vositalaridan keng foydalaniladi. T.D. texnik ob’ektlarning ishonchliligini ta’minlash va risoladagidek tutib turishda juda muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Uslubiy jihatdan T.D.ning tibbiy diagnostika bilan umumiy tomonlari mavjud (q. Diagnostika, diagnostika vositalari).