Til

Til — odam va umurtqali hayvonlar og’iz bo’shlig’idagi muskulli organ. Baliqlarda T. shilliq parda burmasidan iborat bo’lib, visseral skelet bilan harakatlanadi. Quruqlikda yashovchi umurtqalilarda T. harakatchan, u ovqatni tutadi, og’iz bo’shlig’iga suradi, nafas yo’lini berkitadi va h.k. T.da ko’pgina bezlar va ta’m bilish reseptorlari rivojlangan. Suvda va quruqlikda yashovchilarda esa shilliq parda burmasidan tashqari, T. tarkibiga kiradigan bezlar ham bor. Sudralib yuruvchilar T.ining shakli va harakatlanishi turlicha (mas., toshbaqa va timsohlar T.i kam harakatlanadi; ko’pchilik kaltakesak va ilonlar T.i uzun va harakatchan). Qushlar T.ining shakli har xil, odatda, shox qatlami juda rivojlangan, kam harakat. Sut emizuvchilar T.i yaxshi taraqqiy etgan, harakatchan, bezlari hamda so’rg’ichlari ko’p va ovqatni chaynash, yutish, ta’m bilish, ba’zan ovoz chiqarishda ham ishtirok etadi. Odam tili — shilliq parda bilan qoplangan muskuldan iborat. Ovqatni chaynash, yutish va gagshrishda qatnashadi. T. 3 qism: tor qismi — til uchi, birmuncha keng va qalinroq qismi — til negizi (ildizi), bu 2 qism o’rtasi — til tanasiga bo’linadi. T.ning og’iz bo’shlig’i bilan halqumga tomon qismi o’rtasida ko’r teshik, undan til uchiga tomon yo’nalgan til yuzasini ikkiga ajratib turuvchi o’rta egat bor. T.ning pastki yuzasi shilliq qavati ancha nozik bo’lib, unda 2 ta simmetrik burmalar, ustki yuzasi, ya’ni orqasida har xil so’rg’ichlar bor. So’rg’ichlar ko’r teshikdan 2 yonga yo’nalgan chegaralovchi chiziqdan oldinda va T.ning yon tomonlarida joylashgan. Jumladan, ipsimon so’rg’ichlar T. oldingi uchining 2 qismida bo’lib, ovqatni kabul qilish, chaynash, halqumga yo’naltirishga xizmat qiladi. Ipsimon so’rg’ichlar orasida konik so’rg’ichlar, har ikkala so’rg’ichda, asosan, og’riqni, issiqsovuqni sezuvchi reseptorlar bor. T. uchi va yonlarida zamburug’simon so’rg’ichlar, ko’r teshikning ikki yonida, chegaralovchi chiziqning old tomonida tarnovsimon so’rg’ichlar, T. chekkalarida bir-biriga yondosh bargsimon so’rg’ichlar mavjud. Bu so’rg’ichlar ta’m bilish vazifasini bajaradi. T. shilliq pardasi qavatida til murtagini hosil qiladigan ko’plab limfoid follikulalar, shilliq parda osti va muskullar orasida mayda (shilliqli, serozli va aralash) so’lak bezlari joylashgan. T. ning asosiy qismini chin va skelet muskullari tashkil etadi. Chin muskullar uzunasiga, ko’ndalang va vertical yo’nalishda. T.ni suyaklarga biriktiradigan skelet muskullari esa juft engaktil, engaktil osti va bigizsimon o’siq muskullaridan iborat bo’lib, T.ning oson harakat qilishiga yordam beradi. Til arteriyasi shoxchalari T.ni qon bilan ta’minlaydi. T.ni til nervi, tilhalqum nervi hamda til osti nervi innervasiya qiladi. Engak osti, qisman jag’osti va chuqur bo’yin limfa tugunlari T.ning regionar limfa tugunlaridir.