Tillaqosh

Tillaqosh — zargarlik buyumi; ayollarning bosh kiyimi ustidan peshonaga taqiladigan taqinchog’i. Tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumush va b. metallardan yasaladi. T. asosini qayrilma qosh shaklidagi bir-biri bilan tutashadigan 2 bo’lak hosil qiladi, bo’laklar tutashgan joyga bir dona la’l qadaladi, bo’laklar yuzasi naqshlar bilan bezatilib, yuqori cheti Feruza ko’zlar bilan hoshiyalanadi; qayrilma qosh shaklining yuqorisiga panjarali naqshlar ishlanadi va T. uchburchak shaklidagi toj ko’rinishiga ega bo’ladi, panjarali gullar o’rtasiga Feruza ko’zlar bilan hoshiyalanadigan marjon va b. qadamalar o’rnatiladi. T.ning quyi qismiga o’zaro almashinib keladigan mayda munchoq va yaproqchalar terilgan biri kalta, biri uzun zanjirlar osiladi. T.ning yuqori qismining markazi (uchi) va ikki chekkasidan zanjirlar chikarilib, ular markazda birlashadi va ilgak bilan yakunlanadi. Bir xil badiiy usulda bezatilgan T. gajak, isirg’a, zebigardon bilan birga ansambl hosil qiladi. T. shakliga o’xshash peshonaga taqiladigan ziynat buyumi Fargona vodiysida bargak, tepa qismidagi panjarali naqshlari bo’lmagan turi Buxoroda bolo Abru deb ham ataladi, Xorazmning osmatuzi taqinchog’i o’ziga xos bezatilishi bilan T.dan farq qiladi. Qadimdan kelin hamda yosh ayollarni himoyalovchi tumor vazifasini bajargan. T. hozir, asosan, to’y marosimida va raqqosalarning milliy libosining tarkibiy qismi sifatida qo’llaniladi.