Tiniqib uxlashga yordam beradigan 7 odat

Tiniqib uxlash endokrin, yurak-qon tomir tizimi va organizmdagi a’zolar faoliyatida muhim sanaladi. Uyquning me’yorda bo‘lishi uchun esa mutaxassislar ayrim jihatlarga e’tibor berish kerakligini ta’kidlaydi.

Milk va tishlar salomatligi haqida qayg‘uring
Tishlarni yotishdan avval yuvish va ovqat qoldiqlarini yo‘qotish uchun maxsus ipdan foydalanishning o‘zi kifoya emas. Stomatologlar buning o‘zi bilan cheklanmasdan maxsus vosita bilan tishlarni chayishni tavsiya qiladi. Gap shundaki, uxlaganda organizmdan suyuqlik, xususan, tishlar va til uchun muhim bo‘lgan so‘lak ham kam miqdorda ajraladi. Kechasi tishlarni xavfli bakteriyalardan himoya qilish uchun antiseptik vositadan foydalanib chaying.

Uyqu rejimda bo‘lsin
Uyquga yotish hamda uyg‘onish bir vaqtda va tartibli bo‘lishiga rioya qiling. Bu, birinchidan, sirkad ritmni me’yorda bo‘lishiga hissa qo‘shadi ikkinchidan esa uxlash odatini shakllantiradi va natijada sizni uyqusizlik bezovta qilmaydi.

Tamaddi qilishni unutmang
Kechasi shakar va uglevodlarga boy og‘ir ovqat iste’mol qilish zararli hisoblanadi. Ammo oqsil, kletchatka va to‘yinmagan yog‘lar (masalan, sabzavotlar qo‘shilgan tvorog yoki sabzavot va yong‘oqdan tayyorlangan salat)ni o‘z ichiga olgan yengil tamaddi koni foyda.

Yoga bilan shug‘ullaning
Shifokorlar asab tizimini ortiqcha zo‘riqtirmaslik uchun kechasi sport bilan shug‘ullanmaslikni tavsiya qiladi. Ammo ushbu maslahat yogaga taalluqli emas. Yengil mashqlar tinchlanishga yordam beradi. Bu ayniqsa, kunini o‘tib o‘tkazadiganlar uchun yaxshi samara beradi. Kechga borib mushak va suyaklar bo‘shashishga muhtoj bo‘ladi. Bel, yonbosh, boldir, shuningdek, yelka va bo‘yinning chigalini yozishga yordam beradigan mashqlarni bajaring. O‘zingizni yaxshi his qila boshlaysiz.

Limon qo‘shilgan issiq suv iching
Limonli, ayniqsa, yalpiz va moychechak qo‘shilgan ichimlik nafaqat tinchlanishga yordam beradi, balki metabolizmni ham jadallashtiradi. Qolaversa, organizmdagi pH miqdorini me’yorlashtirib, organizmni jig‘ildon qaynashi va boshqa shunga o‘xshash yoqimsiz jarayonlardan himoya qiladi.

Spirtli ichimlikdan voz keching
Yotishdan avval ichilgan bir qadah vino uyqu sifatini 40 foizga kamaytiradi. Alkogol uyqu siklini nazorat qiladigan miyadagi neyrotransmitterlarga salbiy ta’sir qiladi. Menopauza davridagi ayollarda esa spirtli ichimlik ahvolni yanada yomonlashtiradi.

Yorug‘lik bo‘lmasin
Uyqudan bir soat avval kompyuter va smartfondan foydalanmang. Ulardan taraladigan moviy nur uyqu gormoni melatoninning ishlab chiqarilishiga salbiy ta’sir qiladi. Qolaversa, yotoqxona hamda vannaga uncha yorqin bo‘lmagan lampalarni qo‘yish tavsiya qilinadi. Bu tanani kechki uyquga hozirlaydi, shuningdek, kechasi to‘liq dam olishga xalal beradigan stress gormoni miqdorini kamaytiradi.