Toblash

Toblash (metallurgiyada) — material (asosan, metall) larga termik (issiqlik) ishlovi berish; material (mas., po’lat)ni yuqori tragacha (mas., 1600° gacha) qizdirib, shu trada ma’lum vaqt tutib turish va tez sovitish. Materialning yuqori traga xos holatini saqlab qolish yoki uni sekin sovitilganda yuz berishi mumkin bo’lgan zararli jarayonlarning oldini olish (so’ndirish) uchun amalga oshiriladi. T. yuqori tradagi barqaror holati past tradagi barqaror holatidan farq qiladigan (mas., kristall strukturadagi) materiallar uchun yaraydi. T. natijasida hosil bo’ladigan strukturalar faqat nisbiy jihatdangina barqaror bo’ladi, qizdirilganidan keyin barqarorroq holatga o’tadi. Metallar (shu jumladan, eskirtirilgan metallar), ularning qotishmalari, shisha, suyuq holatdagi moddalar va b. tabiiy sharoitda yoki muayyan texnologik jarayonlarda toblanadi. Materiallar ichida eng ko’p toblanadigan metall po’lat hisoblanadi (q. Po’latni toblash).