Tog’ echkilari

Tog’ echkilari (Sarga) quvush shoxli juft tuyoqlilar urug’i. Gavdasining uz. 100-170 sm, yag’rinidan bal. 65— 115 sm, vazni 35-150 kg. Serkasi (erkagi) uzun «soqoli» va dumi ostida hid bezlari rivojlangan. 8 turi bor. Shim. Afrika, Evrosiyoda, jumladan, Kavkaz, O’rta Osiyo, G’arbiy Sibir tog’larida tarqalgan. Chiqish qiyin bo’lgan qoyali joylarda yashaydi. O’zbekiston tog’larida 2 turi: burama shoxli echki, ya’ni morxo’r (Ko’hitang va Bobotog’da) va Sibir tog’ echkisi (Turkiston va Chatqol tog’tizmalarida) uchraydi. Yilda 1-2 bola tug’adi. 15-17 yil yashaydi. Go’shti va terisi uchun ovlangan. 2 turi ham O’zbekiston Respublikasi qizil kitobiga kiritilgan. Soni keskin kamayib ketgan. Tabiatni muhofaza qilish xalqј aro tashkiloti qizil kitobiga 2 turi va 2 kenja turi kiritilgan.