TO’G’ON
TO’G’ON — Daryo va soylarga quriladigan gidrotexnika inshooti. Suv sathini ko’tarish, bosimni oshirish va suv havzalari hosil qilish uchun quriladi. To’g’onlar daryo suvini tartibga solishga, elektr energiyasi olishga, suv toshqinlariga barham berishga, uning atrofidagi mikroiqlimni yaxshilashga imkon beradi. Ekinlarni sugorish va ichish uchun suv manbalaridan suv chikarishga intilish miloddan avvalgi 4 va 3-ming yilliklarga to’g’ri keladi. Ayniqsa, sug’orma dehqonchilikning astasekin rivojlanib borishi tufayli To’g’onlar (dambalar) qurishga extiyoj tug’ildi. Ibtidoiy dehqonchilikdan madaniy deg’qonchilikka o’tish davrida O’rta Osiyoda, shu jumladan, O’zbekiston hududida ham sug’orma dehqonchilikka va, demak, damba va To’g’onlarga talab kuchaydi. Arxeologik tadqiqotlarning ko’rsatishicha, O’rta Osiyoda miloddan avvalgi 10-asrda asosan g’alla ekinlari, sholi, g’o’za, kunjut, qovun, tok va boshqalar o’stirilgan. Mesopotamiya, Misr, Hindiston, Xitoy, Yunoniston, Rim, Xorazm davlati va boshqa joylarda sugorish inshootlari (sun’iy kanallar, dambalar, to’g’onlar) qurilgan. Keyinchalik To’g’onlar qurish usullari va ularni mustahkamlash tadbirlari takomillashib bordi. O’zbekistonda Jizzax viloyatining Forish tumanidagi osmon soyiga 10-asrda Xonbandi to’g’oni (uzunligi 50 metr, balandligi 15,2 metr), 12-asrda Kattaqo’rg’on tumanida g’isht To’g’on qurilgan. 16-asrda qurilgan Abdullaxon bandi To’g’onining balandligi 15 metr, uzunligi 83 metr, eni 4,5 metr bo’lgan. O’sha paytlarda To’g’on qurilishida tuproq, tosh, ganch va boshqa materiallardan foydalanilgan. Beton To’g’onlar 20-asr 20-yillaridan qurila boshladi. O’zbekistonda Bo’zsuv GES to’g’oni (1923 27), 1 may To’g’oni (1926 30), Kampirravot To’g’oni (1935 -38), Farhod GES to’g’oni (1943 -50) va boshqalar qurildi. 20-asr 50-yillaridan baland To’g’onlar paydo bo’ldi. Toshkent dengizi va Karkidon, Kattaqo’rg’on va Pachkamar suv omborlari To’g’onlari (tuproqdan), Kosonsoy suv ombori To’g’oni (toshdan) va Qoradaryodagi Andijon To’g’oni (betondan) shular jumlasidan. Vazifasiga qarab, To’g’onlar suv ombori va GESlarga quriladigan, suv sathini ko’taradigan, oqova (ortiqcha suvni chiqarib yuboradigan), stantsion (suv olish tuynugi bo’lgan) xillarga bo’linadi. To’g’on, asosan, tuproq, tosh, beton va yog’ochdan quriladi. Beton To’g’onning gravitasion, ravoqli va tirgakli xillari bo’ladi. To’g’onning turi geologik, topografik, gidrologik va iqtisodiy sharoitlarga qarab tanlanadi. To’g’onlarning balandligi 300 metrga yetishi mumkin (masalan, Nurek GES). Suv bosimi kichik (2 -4 metr, kamdan-kam 4 -8 metr, ayrim hollarda 16 -20 metr) bo’lgan joylarda yog’och To’g’on quriladi va kontrfors (tirgak)lar bn mahkamlanadi. Tuproq To’g’on bir xil materialdan, ya’ni ma’lum tartibda joylashtiriladigan qumoq va qumloq yoki tuproq, qumloq va qum va shu kabilardan quriladi. To’g’on korpusi ichida suv o’tkazmaydigan ekran (plastik yoki qattiq) yoki materiallar (tuproq, qumoq tuproq, beton, temirbeton yoki metall) dan ichki yadro yasaladi. Tuproq To’g’on to’kma vaquyma turlarga bo’linadi. Suv omboridagi po’rtanalar ta’siridan saqlash uchun To’g’onning yuqori bagri tosh, beton plitalari va boshqa suv o’tkazmaydigan materiallar bilan qoplanadi. Aralash tipdagi To’g’on tosh va tuproqdan quriladi. Tosh To’g’on, asosan, tosh tashlash yoki tosh to’kish yo’li bn quriladi. To’g’on ekrani yoki suv o’tmaydigan Markaziy elementi (diafragmasi) temirbeton, asfalt va polimer va boshqalar materiallardan quriladi. Beton va temirbeton To’g’on konstruktsiyasi bo’yicha gravitatsion, arkasimon va tirgakli (kontrforeli) turlarga bo’linadi. To’g’on xarsang tosh terib yoki beton, toshbetondan quriladi, o’z massasi bn suv bosimini to’sib turadi, asosi va ekrani mustahkam, suv o’tkazmaydigan qilinadi. Arkasimon, ya’ni yoysimon To’g’on (dara kengligi katta bo’lganda) yuqorigi befi suv bosimi ostida bo’ladigan qirg’oqqa yoki maxsustirgaklargabirlashtiriladi. Gravitatsion To’g’onlar maxsus tayyorlangan, suv o’tkazmaydigan mustahkam zaminga quriladi va katta massaga ega bo’ladi. Tirgakli (kontrfors) T.larning bosim tushadigan tomoni temirbeton plitalar bn to’siladi. Tirgakning o’zi mustahkam qoya yoki zaminga o’rnatiladi. Metall To’g’onlar boshdanoyoq metalldan ishlanadi, qimmatligi tufayli qo’llanish doirasi cheklangan. Zamonaviy To’g’onlar, asosan, temirbetondan quriladi. Miradham Fayziyev, Botir Hobilov.