Tokarlik stanogi

Tokarlik stanogi – 1) mashi nasozlikda — asosan, doiraviy sirtli buyumlarga yo’nib ishlov beradigan stanok; metall kesish stanoklarining asosiy guruhini tashkil qiladi. T.e. yordamida sirtlarni yo’nish, sirtlarda ichki va tashqi rezbalar ochish, parmalash, zenkerlash (parmalangan teshiklarga tozalab ishlov berish), teshiklarni yo’nib kengaytirish, plashka hamda metchiklar bilan rezba ochish, bir-biriga ishqalab moslash mumkin. Asosiy harakatni zagotovka (xomaki detal), qo’shimcha g’arakatni kesuvchi asbob — keskich bajaradi. Zagotovka povolokli, kulachokli, gidravlik yoki pnevmatik patron orqali stanok shpindelidan aylanadi; shpindel esa tezliklar qutisidan harakatlanadi. Keskich supportning salazkasi bilan birgalikda surish validan yoki surish vintidan (rezba ochishda) suriladi. Surish Vali va surish vinti T. s.ning surishlar mexanizmidan aylanadi. T.s.ning markazlovchi, rezba ochish, tokarlikrevolver (aylanma kallakli), bir shpindelli va ko’p shpindelli karusel (shpindeli tik joilashgan), ko’p keskichli va b. turlari bor. T. e. oddiy, universal, raqamli dastur bo’yicha boshqariladigan avtomat va yarim avtomat turlarga xam bo’linadi. Oddiy va universal T.s.lar detallarni donalab va kichik seriyalab ishlab chiqarish.da, avtomat va yarim avtomat T.s.lar ko’plab (ko’p seriyalab) ishlab chiqarish.da qo’llanadi. T. s.ning asosiy qismlari: qirindi va sovituvchi suyuqlik to’planadigan tog’orasimon tub; stanina, Support va ketingi babka (qo’zg’aluvchan) hamda ular – ni yo’naltirgich; shpindel va tezliklar kutisi joilashgan qo’zalmas old babka; uzatmalar qutisi; fartuk; Support; karetka; ko’ndalang salazkalar; keskich o’rnatiladigan burilma qism; elekr dvigatel. Karetka va ko’ndalang salazkalar qo’lda yoki avtomatik tarzda suriladi. T. s.ning elektr dvigateli bir yoki ko’p tezlikli asinxron dvigateldan iborat. Ba’zan, boshqa yuritmalar (mas., gidravlik yuritmalar) ham qo’llanishi mumkin. Hozir yirik korxonalarda, asosan, dusturli avtomat va yarim avtomat T.s.lari ishlatiladi (q. Karusel stanok, revolver stanok); 2) yog’ochga ishlov berish stanogi qam xuddi metallga ishlov berish stanogiga o’xshaydi. Unda aylanma sirtli yogoch buyumlarga yo’nib ishlov beriladi. Uning buyum markazga mahkamlanadigan va yon tomoniga mahkamlanadigan turlari bor.