TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASI

TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASI — respublikada yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlaydigan yetakchi oliy o’quv yurti. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 29 iyuldagi 178-qarori bilan Toshkent shahrida 1 – va 2 – Toshkent davlat tibbiyot institutlari negizida tashkil etilgan. Akademiya yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish va sifatini oshirish, o’qish jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan zarur o’quv va moddiy texnika bazasini yaratish, ilg’or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish asosida yangi mazmun bilan boyitish, bo’lg’usi mutaxassislarning ta’limi ular tomonidan aniq davolash amaliyoti malakalarini egallash bilan chambarchas bog’lab olib borilishini ta’minlash maqsadida tuzilgan. Akademiyada 5 o’quv fakulteti (davolash, tibbiy-pedagogika, stomatologiya, tibbiy profilaktika hamda oliy hamshiralik ishi), 58 kafedra, aspirantura, Markaziy ilmiy tadqiqot va Markaziy klinik laboratoriya, 2200 o’rinli klinika, ilmiy tibbiy axborot bo’limi, muzey, akademik litsey, kutubxona (800 mingdan ziyod asar), nashriyot va bosmaxona bor. Hozirgi 7000 ga yaqin talaba, shuningdek, magistratura yo’nalishida 40 mutaxassislik bo’yicha 280 dan ziyod rezident ta’lim oladi (2005). Toshkent tibbiyot akademiyasi Toshkent shahridagi yirik kasalxonalarda qo’shimcha klinik bazalarga ega. Akademiyada 1100 o’qituvchi, shulardan 10 ga yaqini O’zbekiston Fanlar Akademiyasi va xalqaro akademiyalar akademik, 200 dan ziyod fan doktori, professor, 600 dan ziyod fan nomzodi va dosentlar faoliyat ko’rsatadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida nomzodlik va doktorlik dissertasiyalarini himoya qilish bo’yicha 6 ta ixtisoslashgan kengash ishlaydi. Akademiya ilmiy to’plam, monografiya va metodik qo’llanmalar nashr etadi.