TOSHKENT TUPROQQO’RG’ONI

TOSHKENT TUPROQQO’RG’ONI – Anhor kanalining chap sohilida, shahar qal’a devorining qo’ymas (katagon) darvozasi tashqarisi (hoz. O’zbekiston prospekti yoni)dagi tepalikda 1865 y. barpo qilingan. Bu tepalikda ilk o’rta asrlarda qurilgan qo’ymas istehkomi bo’lgan, uning qoldiqlari keyinchalik Tali qo’ymas, ya’ni Qo’ymastepa deb atalgan. 1865 y. iyunda Toshkent podsho Rossiyasining general Chernyaev boshchiligidagi qo’shinlari tomonidan bosib olingach, bu tepalikda zudlik bilan harbiy qal’a qurishga kirishildi. Qal’aning tarhi 6 burchakli bo’lib, baland tuproq ko’tarmalari bilan o’ralgan, burchaklarida mustahkam Bastion (burj)lari bo’lgan. Ko’tarmalarning ayrim joylariga g’ishtdan devorlar ishlanib o’t ochish uchun shinaklar qilingan. Ichki qismida 6 piyodalar rotasi uchun kazarmalar, ofitserlar uchun bino, lazaret (150 o’rinli), o’qdori, kiyimbosh va oziq-ovqat ombor – xonasi va porox uchun erto’la qurilgan. Asosiy kirish yo’li (Sharqiy darvoza) g’ishtdan hashamdor ishlangan. Keyinchalik Tuproqqo’rg’on tashqarisida ustaxona, aslahaxona va piyoda askarlar bataloni uchun 2 kazarma qurilgan. Toshkentda evropalik aholi uchun yangi shaharning qurilishi shu Tuproqqo’rg’onni bunyod etishdan boshlandi. Tuproqqo’rg’on yaqinida xrz. Mustaqillik maydonida gubernator saroyi — «oq uy» qurildi. Tepalikda joylashgan qal’a eski shahar ustidan nazorat qilib turish va ayni vaqtda mustamlakachilar yashaydigan yangi shaharni qo’riqlab turish imkonini bergan. 1867-83 y.larda T.t.dan har kuni soat 12 da to’p otilgan. Qal’ada soldatlar bolsheviklar tashviqoti ta’sirida bir necha marta qo’zg’olon ko’targanlar. 1917 y. 1 noyabrda T.t.da sho’ro hukumatining bayrog’i o’rnatilgan. Hozir T.t. o’rnida Respublika Prezidenta qarorgohi binolari majmuasi joylashgan.