Toshkentda haykalning o’rnatilishi

Dastavval haykal 1993 yil 31 avgustda Toshkent shahrida qo’yildi. Yurtboshimiz Islom Karimov uning ochilishiga bag’ishlangan marosimda nutq so’zladi:

Aziz Vatandoshlar! Muhtaram mehmonlar!

Bugun biz o’zbek xalqi hayotida unutilmas tarixiy bir voqeaning guvohi va ishtirokchisi bo’lib turibmiz.

Biz yashab turgan shu muqaddas zaminda buyuk bir davlatga asos solgan, olamni tebratgan, nomi yetti iqlimda mashhur bo’lgan ulug’ bobokalonomiz Amir Temur haykalini ochish marosimiga yig’ildik.

Bugun Sharqda tengi yo’q sarkarda mustaqillik, istiqlol sharofati bilan o’z vataniga qaytdi.

Uzoq yillar mobaynida mustamlaka iskanjasida kun kechirgan xalqimiz o’z vatandoshini qadrlash, uning tarixiy mavqeini munosib o’ringa qo’yish imkonidan mahrum edi.

Amir Temur nomi tariximiz sahifalaridan qora bo’yoq bilan o’chirildi, unutishga mahkum etildi. Maqsad xalqimizning yuragidan milliy ong, milliy g’urur tuyg’usini yo’qotish, uni qaramlikka, tobelikka ko’ndirish edi. Lekin o’zbek xalqi o’z ajdodlarini, o’z bahodirlarini unutmadi, hamisha yuragida, qalb to’rida saqladi.

Muhammad Tarag’ay Bahodir o’g’li Amir Temur yoshlik chog’ida mard, dovyurak, g’ururli, o’tkir zehnli va aqlu idrok egasi bo’lib o’sdi. Turli dunyoviy ilmlarni, harbiy san’atni egalladi. Qur’oni Karimni yod oldi, hadis ilmini o’rgandi. Iymon-e’tiqodli, halol-pok inson bo’lib yetishdi.

U yoshligidan boshlab o’z oldiga ona yurtini mo’g’ul bosqinchilaridan ozod qilish maqsadini qo’ydi, yer yuzida buyuk saltanat sohibi sifatida el va elatlarning boshini qovushtirdi. Mamlakat qudratini har sohada yuksaklikka ko’tarib, dunyoga mashhur qildi.

Amir Temur davlati qurilishi, harbiy san’ati ko’p asrlar davomida Sharqu G’arb davlatlariga o’rnak va andoza bo’ldi. Uning zamonida madaniyat, ilmu fan, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, she’riyat beqiyos rivoj topdi, xalqimizning ko’p an’analari takomilga yetdi. Amir Temurning madaniyat va din ahllariga ko’rgazgan cheksiz mehr-muruvvati ayniqsa ibratlidir.

Ko’hna tarix sahifalari buyuk bobomizning millat va el-ulus manfaati bobida chekkan mislsiz zahmat hamda ko’rsatgan shijoatlariga guvohlik beradi.

Insof-iymon tuyg’usi, diyonat mezoni Amir Temur hayotining mazmunini tashkil etadi. Olamning qariyb yarmiga jahongir ersa-da, u kuch-qudrat zo’rlik, zo’ravonlikda emas, aksincha, adolatda ekanini teran angladi.

Bugun bunyod etilgan ulug’ bobokalonimiz haykalida teran ramz bor-go’yoki jahongir tulporining jilovini tortib turibdi, qilichsiz qo’lini oldinga cho’zib jahon xalqlariga omonlik sog’inmoqda. “Kuch-adolatdadir!” demoqda.

Donishmand ajdodimizning mazkur so’zlarini mana shu muhtasham yodgorlik poyiga zarhal harflar bilan bitar ekanmiz, zamonlar tajribasidan o’tgan bu bebaho hikmatning qalbimizda doimo aks sado berib turishini orzu qilamiz.

Aziz yurtdoshlar!

Bugun-o’zbek xalqi tarixida ulug’ kun. O’zbekiston mustaqilligiga, muborak istiqlolimizga ikki yil to’ldi.

Hammangizni-keksayu yoshni, butun O’zbekiston ahlini shu buyuk sana bilan chin qalbimdan, har biringizni alohida bag’rimga bosib qutlamoqqa ijozat bergaysiz!

Bu kunga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Shuning uchun ham ozodlikni sog’inib, ozodlik yo’lida kurashib o’tgan ajdodlarimizning duolar bilan eslashimiz ham qarz, ham farzdir. Ajdodlarimizning pok ruhlari shod bo’lsin, ularning orzulariga munosib va sadoqatli bo’laylik.

Istiqlol muborak, aziz yurtdoshlar! Ozodligimiz abadiy bo’lsin!

Muhtaram do’stlar!

Ikki yillik istiqlol davrida jonajon diyorimizda bo’layotgan o’zgarishlar xalqimizga ishonch va umid bag’ishlamoqda.

Buyuk ayyom arafasida Temur bobomiz haykalining ochilishi o’ziga xos ramziy bir ma’noga egadir.

Vatanimiz istiqlolini yanada mustahkamlash, uni himoya qilish, yurtimiz sha’ni-shavkatini yuksaltirish, adolat, insof va diyonat hukmron bo’lgan erkin jamiyat, mehnatkash xalqimizga munosib farovon hayot qurish bizning insoniy va fuqarolik burchimizdir.

Biz orzu etgan buyuk davlatni bunyod qilish barchamizdan mustahkam iroda, iymon-e’tiqod, milliy g’urur tuyg’usi, buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan ma’naviy bisotga ega bo’lishni talab qiladi. Bilaklamizda kuch, qalbimizda kelajakka ishonch bo’lmog’i shartdir.

Mamlakatimizning markazida, qadimiy va go’zal poytaxtimiz – jonajon Toshkentimiz o’rtasida qad ko’targan ulug’ bobomiz siymosi xalqimizga faxr va g’urur baxsh etmog’i muqarrar!

Bu siymo mard, tanti, halol va g’ayratli xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, iymon-oqibatli bo’lishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi-yangi kuch-quvvat va shijoat bag’ishlaydi.

Barchamizga shu yo’lda Alloh madadkor bo’lg’ay!