Trinidad va Tobago
Rasmiy nomi — Trinidad va Tobago Respublikasi. Poytaxti — Port-of-Speyn. Hududi — 5130 km.kv. Davlat tili — ingliz. Dini — katolik (32%), induizm (24%), anglikan (14%), boshqa protes- tant dinlari (14%), islom (6%). Pul birligi — trinidad va tobago dollari.
Geografik joylashuvi va tabiati. Karib dengizi havzasida, Trinidad, Tobago va bir qator mayda orollarda joylashgan davlat. Sohilining uzunligi — 362 km. Mamlakat hududining asosini kam sonli qir va past tog’lardan iborat tekisliklar tashkil etadi. Asosiy tabiiy boyliklari: neft va tabiiy gaz. Haydaladigan yerlar mamlakat hududining 14%ini, o’rmon va to’qaylar 44% ini tashkil etadi. Iqlimi — subekvatorial. Trinidadning sharqiy qismida tropik o’rmonlar bo’lib, bu o’rmonlarda ispan kedri, maxogoni, qizil sandal, balsa kabi daraxtlar o’sadi. Butalardan bugenvill, puyya, yovvoyi poynsettiya keng tarqalgan. Pekari, otselot, opossum, agupi, maymunlar, ko’rshapalaklar orolning hayvonot dunyosini tashkil etadi. Toshbaqa, kaltakesak, ilonlar ko’p. Timsohlar uchraydi. Orolda kolibrining 40 dan ortiq turi bor.
Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — respublika. Mamlakat tarkibiga 9 graflik kiradi. Trinidad va Tobago mustaqillikka 1962-yilning 31-avgustida erishdi (ilgari Buyuk Britaniyaning mustamlakasi bo’lgan). Bu sana milliy bayram hisoblanadi (Mustaqillik kuni). Ijro etuvchi hokimiyat prezident (davlat boshlig’i) va Bosh vazir boshchiligidagi hukumatga tegishli. Qonun chiqaruvchi Oliy organi ikki palatali parlament. Parlament yuqori — Senat va quyi — Vakillar palatalaridan iborat. Yirik siyosiy partiyalari: Milliy xalq harakati, Birlashgan Milliy kongress, Birlik va taraqqiyot uchun harakat.
Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Trinidad va Tobagoning iqtisodi asosini neft qazib chiqarish (YIMning choragini, umumiy eksport hajmi- ning 80%ini tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligining (YIM — 5%) asosiy ekinlari: какао donlari, qahva, shakarqamish, sitruslar. Asosiy savdo sheriklari: AQSH, Venesuela, Karib havzasi davlatlari, YI davlatlari. Avtomobil yo‘llarining umumiy uzunligi — 8000 km (4000 km asfaltlangan). Mamlakatning asosiy porti — Port-of-Speyn.
Tarixi. Trinidad oroli 1498-yilda Kolumb tomonidan kashf etiladi. Orol 1552-yilda Ispaniya, 1797-yilda Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylanadi. Tobago oroli gollandlar tomonidan 1632-yilda mustamlakaga aylantiriladi. Keyinchalik orolga egalik qilish huquqi fransuzlarga o‘tadi. 1814-yilda Napoleon mag‘lubiyatga uchragach, orol Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylanadi. 1888-yilda ikki orolning boshqaruvi birlashtiriladi. 1950-yilda Trinidad va Tobago o‘zini o‘zi boshqaruv huquqiga ega bo‘ladi. 1962-yilda Trinidad va Tobago Britaniya hamdo‘stligi tarkibidagi mustaqil davlatga aylanadi. 1976-yilda Trinidad va Tobagoda respublika tuzumi o‘rnatildi.