Troyali Yelena kim?

Qadimgi Yunonistonda ilohlar va odamlar haqida ko’pdan-ko’p asotirlar va afsonalar mavjud bo’lgan. Troyali Yelena yunon asotiriyasida eng go’zal ayol edi. Uning onasi umri o’tkinchi banda Leda, otasi esa iloh Zevs edi. Naql qilishlaricha, Yelena shu qadar go’zal ediki, uni bir ko’rgan odam husnidan lol qolar ekan. Yelena balog’at yoshiga yetishi bilanoq Yunonistonning xushsurat va qudratli hukmdorlari uning qo’lini so’ray boshlaydilar. Jazmanlar juda ko’pligi tufayli uning o’gay otasi Sparta hokimi ularni Yelena kimgaki turmushga chiqsa, o’shanga sodiq qolishga qasamyod qilishlariga majburlaydi. Barcha bo’lg’usi kuyovlardan eng badavlat va qudratlisi bo’lmish Manelay Yelenaga yostiqdoshlikka tanlab olinadi. Keyinchalik u Spartaga podshoh bo’ladi va ular Yelena bilan baxtli yashashardi. Muhabbat ilohasi Afrodita Troya podshosi Priumning o’g’li — Paris degan zotni taqdirlashni istab qoladi. U umri o’tkinchilar orasidan eng chiroyli ayolni Parisga berishga va’da qiladi. Paris Sparta sari kemada yo’l oladi. O’sha yerda u Yelenani ko’rib va sevib qoladi. Paris Yelenani Manelayni tark etish va u bilan Troyaga qochishga ko’ndiradi. Manelay g’azab otiga minadi va Parisni yo’q qilish hamda Yelenani qaytarib olishga qasam ichadi. Yelenaning jazmanlari tomonidan berilgan va’dani yodda tutgan Manelay ulardan Troyaga qarshi urushda yordam berishlarini iltimos qiladi. Ulug’ yunon shoiri Gomerning «Iliada» degan epik dostonida bu urushning so’nggi janglari to’g’risida, Yunoniston va Troya ko’plab buyuk qahramonlarining halok bo’lishi to’g’risida hikoya qilinadi. Ehtimol, Troya urushi taxminan Masih Mavludidan avvalgi 1200 yilda bo’lgandir, ammo hech kim u qay sababdan boshlanganini aniq bilmaydi. Go’zal Yelena haqidagi tarix, kim bilsin, bor-yo’g’i afsonadir. Urushda Paris o’ldirilgan va Troya vayron qilingan edi. Yelena Manelaydan o’zini kechirishni o’tinadi va podshoh bunga rozi bo’ladi. Ular Spartaga qaytishadi. Ammo Manelay vafotidan keyin Yelenani sohibi qasridan Rodos oroliga olib ketishadi, degan rivoyat ham bor.